Янгиликлар
21
Korrupsiyaga qarshi kurashish
O‘zbekiston Respublikasining «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonunining 3-moddasida ushbu sohada qo‘llaniladigan asosiy tushunchalarga huquqiy ta'rif berilgan.
Jumladan, korrupsiya deganda shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoki boshqa shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishi tushuniladi. Bu ta'rif korrupsiyani nafaqat mansabdor shaxsning noqonuniy harakati, balki uni qo‘llab-quvvatlovchi tomonning ham javobgarligini qamrab oladi.
Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik — korrupsiya alomatlariga ega bo‘lgan va sodir etilganligi uchun qonunchilikda javobgarlik belgilangan qilmish hisoblanadi. Ya'ni, korrupsiya bilan bog‘liq har qanday harakat yoki harakatsizlik qonunga zid bo‘lib, u ma'muriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Shuningdek, qonunda manfaatlar to‘qnashuvi tushunchasiga ham aniq ta'rif berilgan. Manfaatlar to‘qnashuvi — shaxsning shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorligi uning o‘z lavozim yoki xizmat majburiyatlarini xolis va to‘liq bajarishiga ta'sir ko‘rsatayotgan yoki ta'sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan holat bo‘lib, bunda shaxsiy manfaat bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga keladi yoki kelishi mumkin.
Mazkur asosiy tushunchalar korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida yagona huquqiy yondashuvni ta'minlash, qonunni to‘g‘ri qo‘llash hamda korrupsiyaviy holatlarni aniqlash va bartaraf etish uchun muhim nazariy va amaliy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Qo‘ng‘irot tumani adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig'i A.Kaliev