Янгиликлар
28
Boshpanasiz shaxslarni vaqtincha boshpana bilan ta’minlash tartibi belgilandi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 18-avgustdagi 447-son qarori bilan “Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni Vaqtinchalik boshpana va ijtimoiy tiklanish markaziga joylashtirish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish”ning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Mazkur reglament muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni Vaqtinchalik boshpana va ijtimoiy tiklanish markaziga (Markaz) joylashtirish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish tartibini belgilaydi.
Boshpanasiz shaxslar qanday aniqlanadi?
Reglamentga ko‘ra, ichki ishlar organlari xodimlari hamda mahallalarda kompleks ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatuvchi ijtimoiy xodimlar tomonidan ko‘cha, vokzal, bozor, yer osti yo‘laklari, yashash uchun mo‘ljallanmagan binolar va boshqa jamoat joylarida muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslar muntazam ravishda aniqlanadi.
Aniqlangan shaxslarga Vaqtinchalik boshpana va ijtimoiy tiklanish markazi xizmatlaridan foydalanish imkoniyati taklif etiladi.
Markazga joylashish uchun qanday murojaat qilinadi?
Voyaga yetgan, muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxs Markazga joylashish uchun bevosita murojaat qiladi.
Agar ushbu shaxsning voyaga yetmagan farzandlari mavjud bo‘lsa, ular ota-onasi bilan birgalikda Markazga joylashtiriladi.
Tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi
Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslar tuman yoki shahar darajasidagi tibbiyot muassasalarining shoshilinch qabul bo‘limlarida olib kelingan vaqtida tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.
Tibbiy ko‘rik davomida shaxsda Markazga joylashtirishga monelik qiluvchi, shoshilinch va kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordamga ehtiyoj mavjudligi hamda yuqumli kasalliklar bor-yo‘qligi aniqlanadi.
Agar bunday holatlar mavjud bo‘lmasa, shaxs Markazga qabul qilinadi.
Markazda qancha muddat qolish mumkin?
Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan so‘rovnomani to‘ldirish uchun zarur ma’lumotlarning taqdim etilishi uning Markazga joylashtirilishiga hamda Markazning ichki tartib-qoidalariga rioya etishga roziligini anglatadi.
So‘rovnoma shakllantirilganidan so‘ng shaxs Markazga 7 kun muddatga joylashtiriladi.
Qonunchilikda belgilangan ayrim holatlarda esa Markazda qolish muddati 6 oygacha uzaytirilishi mumkin.
Mazkur tartib muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarga vaqtincha boshpana berish, ularning xavfsizligini ta’minlash hamda ijtimoiy tiklanishiga ko‘maklashishga qaratilgan.
Amudaryo tumani adliya bo’limi
Yuridik xizmat koʻrsatish markazi bosh yuriskonsulti A.Z.Tojiboyev