Янгиликлар
29
Ish beruvchining mehnat shartlarini xodimning roziligisiz o‘zgartirish huquqi
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida mehnat shartlarini o‘zgartirishning umumiy qoidasi belgilangan bo‘lib, mehnat shartnomasida, jamoa shartnomasida va ichki hujjatlarda nazarda tutilgan mehnat shartlari, qoida tariqasida, taraflarning kelishuvisiz bir tomonlama o‘zgartirilishi mumkin emas. Biroq Mehnat kodeksining 137-moddasi ish beruvchiga ayrim holatlarda xodimning roziligisiz mehnat shartlarini o‘zgartirish huquqini beradi. Buning uchun texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar yoki ishlar, mahsulot yoxud xizmatlar hajmining qisqarishi sababli avvalgi mehnat shartlarini saqlab qolishning imkoni bo‘lmasligi hamda xodim o‘z mehnat shartnomasida belgilangan mehnat vazifasini davom ettirishi kerak.
Mazkur huquq ish beruvchiga xodimning mehnat vazifasini istalgan tarzda o‘zgartirish imkonini bermaydi. Xususan, xodimni boshqa mutaxassislik, malaka yoki lavozimga oid ishga o‘tkazish alohida tartibga ega bo‘lib, bunday o‘tkazish bilan mehnat shartlarini o‘zgartirish tushunchalarini farqlash lozim. Shu sababli ish beruvchi avvalo yuzaga kelgan tashkiliy yoki ishlab chiqarish o‘zgarishlarini asoslab, aynan qaysi mehnat shartlarini nima sababdan o‘zgartirish zarurligini aniqlashi kerak.
Mehnat shartlari kelgusida o‘zgartirilishi haqida ish beruvchi xodimni, odatda, kamida ikki oy oldin yozma ravishda, imzo qo‘ydirib ogohlantirishi shart. Ushbu muddatni qisqartirishga faqat xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuv asosida yo‘l qo‘yiladi. Shuningdek, qonunchilikda ikki haftadan ortiq bo‘lgan ogohlantirish muddatini mutanosib pulli kompensatsiya bilan almashtirish imkoniyati ham nazarda tutilgan, bunda dastlabki ikki haftalik muddatni bunday kompensatsiya bilan almashtirish uchun xodimning roziligi talab etiladi.
Agar belgilangan ogohlantirish muddati tugaganidan keyin xodim yangi mehnat shartlarida ishlashni rad etsa, mehnat shartnomasi qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda bekor qilinishi mumkin. Bunda xodimga ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lanishi va qonunda belgilangan kafolatlar taqdim etilishi lozim. Demak, ish beruvchining xodim roziligisiz mehnat shartlarini o‘zgartirish huquqi cheklanmagan vakolat emas, balki faqat qonunda ko‘rsatilgan obyektiv sabablar mavjud bo‘lganda va belgilangan protsessual tartibga rioya qilingan holda amalga oshiriladigan huquqdir.
Beruniy tuman adliya bo‘limi boshlig‘i M.Sheripboyev