Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

25

Avtomobilni jarima maydonchasidan olib chiqish uchun elektron murojaat qilish mumkin


Endilikda yo‘l harakati qoidalarini buzganlik sababli jarima maydonchasiga joylashtirilgan avtomobilni olib chiqish masalasida Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga elektron shaklda murojaat qilish mumkin.
Bu tartib Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-apreldagi 208-son qarori bilan tasdiqlangan ma’muriy reglament asosida amalga oshiriladi.
Murojaat qanday amalga oshiriladi?
Avtomototransport vositasini jarima maydonchasidan olib chiqish bo‘yicha elektron murojaatni quyidagi usullarda yuborish mumkin:
* Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YIDXP) orqali;
* Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining mobil ilovasi orqali;
* davlat xizmatlari markazlari orqali.
YIDXP yoki mobil ilova orqali murojaat qilish uchun foydalanuvchi tizimda ro‘yxatdan o‘tadi va belgilangan shakldagi so‘rovnomani elektron tarzda to‘ldiradi.
Murojaatni dam olish va bayram kunlaridan qat’i nazar, kunning istalgan vaqtida yuborish mumkin. Biroq ish vaqtidan keyin yoki dam olish va bayram kunlarida yuborilgan murojaatlar keyingi ish kuni vakolatli organga yuborilgan va qabul qilingan hisoblanadi.
Xizmat bepul
Mazkur davlat xizmatidan foydalanganlik uchun to‘lov undirilmaydi.
So‘rovnoma elektron tarzda to‘ldirilgach, murojaat qiluvchi kiritilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshiradi va ularni “One-ID” kabi identifikatsiya vositalari orqali tasdiqlaydi.
Murojaat qancha vaqtda ko‘rib chiqiladi?
So‘rovnomaga kiritilgan ma’lumotlarning haqqoniyligi vakolatli organ tomonidan avtomatlashtirilgan tizim orqali tekshiriladi.
Ma’lumotlar tasdiqlangan taqdirda, murojaat qiluvchiga bir ish kuni ichida murojaati ko‘rib chiqish uchun qabul qilingani haqida YIDXP yoki mobil ilova orqali avtomatik xabarnoma yuboriladi.
Agar so‘rovnomada avtomobilning davlat raqami, uni boshqarish vakolatini tasdiqlovchi hujjatlar yoki avtomobilni qabul qilish-topshirish dalolatnomasi kabi hujjatlardagi ma’lumotlar noto‘g‘ri ko‘rsatilgan bo‘lsa, murojaat qiluvchiga xatolarni tuzatish uchun besh ish kuni muddat beriladi.
Belgilangan muddatda xatolar bartaraf etilmasa, murojaatni ko‘rib chiqish rad etiladi va bu haqda murojaat qiluvchiga elektron shaklda xabar beriladi.
Avtomobilni qachon olib chiqish mumkin?
Murojaatni ko‘rib chiqish jarayonida vakolatli organ avtomobilning jarima maydonchasiga joylashtirilishiga sabab bo‘lgan holatlar bartaraf etilgan yoki etilmaganini tekshiradi.
Shuningdek, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilgani va u bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilingan-qilinmaganiga ham aniqlik kiritiladi.
Agar avtomobilni jarima maydonchasida ushlab turishga sabab bo‘lgan holatlar bartaraf etilgan yoki ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilib, qonuniy qaror qabul qilingan bo‘lsa, murojaat qiluvchiga bir ish kuni ichida avtomobilni jarima maydonchasidan olib chiqish mumkinligi haqida xabarnoma yuboriladi.
Aksincha, avtomobilni jarima maydonchasiga joylashtirish yoki uni ushlab turish sabablari hali bartaraf etilmagan bo‘lsa yoxud ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish hali ko‘rib chiqilmagan bo‘lsa, bu haqda ham murojaat qiluvchiga bir ish kuni ichida xabar beriladi.
Qaror ustidan shikoyat qilish mumkin
Murojaat qiluvchi ish yuzasidan chiqarilgan qaror ustidan amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.
Shuningdek, vakolatli organ xodimlarining xatti-harakatlari yoki harakatsizligi yuzasidan yuqori turuvchi organga yoki sudga murojaat qilish mumkin.
Agar ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish hujjatlari yoki qarorlar qonunchilikka muvofiq bekor qilinsa, ushbu ish bo‘yicha yetkazilgan zararni qoplash masalasi yuzasidan tegishli sudga murojaat qilish mumkin.
Yangi tartib avtomobilni jarima maydonchasidan olib chiqish bilan bog‘liq murojaatlarni elektron shaklda yuborish, ularning ko‘rib chiqilishi va natijasi haqida masofadan turib ma’lumot olish imkonini beradi.

Beruniy tuman adliya bo‘limi
Davlat xizmatlari markazi sho‘basi boshlig‘i:                I.Djumanazarov