Янгиликлар
18
Adliya Plus – huquqiy xizmatlar endi bir ilovada
Raqamli texnologiyalar hayotimizning barcha sohalariga jadal kirib borayotgan bugungi kunda davlat xizmatlarini mobil qurilmalar orqali olish imkoniyatlari ham tobora kengaymoqda. Ana shunday zamonaviy yechimlardan biri – O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ishga tushirilgan "Adliya Plus" mobil ilovasidir.Mazkur ilova fuqarolarga adliya organlari tomonidan ko‘rsatiladigan ko‘plab xizmatlardan istalgan joyda va qulay vaqtda foydalanish imkonini beradi. Ilova orqali 100 dan ortiq xizmatlardan masofadan turib foydalanish, ariza va murojaatlarni yuborish, ularning ko‘rib chiqilish jarayonini kuzatish hamda natijalarni elektron shaklda olish mumkin.
Adliya Plus ilovasida notarial xizmatlar, fuqarolik holati dalolatnomalari (FHDY), advokatura, intellektual mulk, ishonchnoma va vakolatlar bilan bog‘liq xizmatlar bir platformada jamlangan. Shuningdek, foydalanuvchilar huquqiy axborotlar, qonunchilikdagi yangiliklar va Adliya vazirligi faoliyatiga oid ma'lumotlar bilan ham tanishishlari mumkin.
Ilovaning yana bir muhim afzalligi — shaxsiy kabinet orqali yuborilgan murojaatlar tarixini saqlash, arizalarning holatini real vaqt rejimida kuzatish hamda bildirishnomalarni qabul qilish imkoniyatidir. Bu fuqarolarning vaqtini tejaydi, ortiqcha idorama-idora yurishlarning oldini oladi va xizmatlardan foydalanish jarayonini yanada shaffof qiladi.Zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlaridan unumli foydalanish nafaqat vaqtni tejaydi, balki davlat xizmatlaridan foydalanish madaniyatini ham yangi bosqichga olib chiqadi. "Adliya Plus" esa ana shunday qulayliklarni o‘zida mujassam etgan innovatsion platformalardan biridir.
Amudaryo tumani adliya bo'limi
DXM bosh mutaxassisi N.Madiyorova