Янгиликлар
11
Ishga qabul qilish tartibi
Ishga qabul qilish xodim va ish beruvchi o‘rtasida mehnat shartnomasi tuzilishi asosida amalga oshiriladi. Mehnat shartnomasida xodimning lavozimi, bajaradigan mehnat vazifasi, ish haqi, ish vaqti, dam olish va boshqa mehnat shartlari belgilanadi. Ishga qabul qilishdan oldin ish beruvchi xodimni bajaradigan ishi, mehnat shartlari hamda ichki mehnat tartibi qoidalari bilan tanishtirishi lozim. Xodim esa mehnat shartnomasini imzolashdan avval uning mazmuni bilan diqqat bilan tanishib chiqishi va o‘ziga yuklatiladigan vazifalarni bilib olishi muhim. Ish beruvchi ishga qabul qilish jarayonida qonunchilikda nazarda tutilgan hujjatlarni talab qiladi. Qonunda nazarda tutilmagan hujjatlarni xodimdan talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Mehnat shartnomasi belgilangan tartibda rasmiylashtirilgandan so‘ng xodim ishga qo‘yiladi. Xodimni mehnat shartnomasini tegishli tartibda rasmiylashtirmasdan ishga qo‘yish mumkin emas.
Shuningdek, ishga qabul qilishda xodimlarning huquqlari va imkoniyatlarini qonunga xilof ravishda cheklash, ya’ni kamsitishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ishga qabul qilish mehnat qonunchiligi talablariga rioya qilingan holda amalga oshirilishi kerak.
Ayrim hollarda xodimni ishga qabul qilishda qonunchilikda belgilangan tartibda dastlabki sinov muddati belgilanishi mumkin. Bunda sinov muddati va uning shartlari mehnat shartnomasida ko‘rsatilishi lozim.
Ishga qabul qilish jarayonining to‘g‘ri rasmiylashtirilishi xodimning ish haqi, mehnat staji, ta’til olish, mehnatni muhofaza qilish va boshqa mehnat huquqlarining ta’minlanishida muhim ahamiyatga ega.
Beruniy tumani adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti G.Batirova