Янгиликлар
01
Davlat xizmatlari — inson manfaatlari uchun
Bugungi kunda mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, aholiga davlat xizmatlarini tezkor, qulay va shaffof tarzda ko‘rsatish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Bu borada Davlat xizmatlari markazlarining faoliyati alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Davlat xizmatlari markazlari fuqarolarning turli davlat idoralariga murojaat qilib, ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflashining oldini olishga xizmat qilmoqda. Aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlarning yagona tamoyil asosida tashkil etilishi fuqarolar uchun katta qulaylik yaratmoqda.
Bugungi raqamli rivojlanish davrida ko‘plab davlat xizmatlaridan elektron shaklda foydalanish imkoniyati kengayib bormoqda. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali fuqarolar turli sohalarga oid xizmatlardan onlayn foydalanishi, ariza yuborishi, uning holatini kuzatishi va natijani elektron shaklda olishi mumkin. Portalda sog‘liqni saqlash, ta’lim, ijtimoiy himoya, adliya, fuqarolik, ko‘chmas mulk, transport, pensiya va boshqa ko‘plab yo‘nalishlardagi xizmatlar jamlangan.
Elektron xizmatlarning rivojlanishi, avvalo, fuqarolarning vaqtini tejashga xizmat qilmoqda. Shuningdek, inson omilining kamayishi, xizmatlarning shaffofligi va murojaatlarni elektron nazorat qilish imkoniyati davlat xizmatlari sifatini yanada oshirmoqda.
Beruniy tumani adliya bo‘limi Davlat xizmatlari markazida aholiga xizmat ko‘rsatish jarayonida fuqarolarning murojaatlarini e’tibor bilan o‘rganish, ularga zarur huquqiy tushuntirish berish va xizmatlardan foydalanish tartibini sodda shaklda tushuntirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Markazga murojaat qilgan har bir fuqaro uchun xizmat ko‘rsatish jarayoni imkon qadar qulay va tushunarli bo‘lishi lozim. Zero, davlat xizmatining sifati nafaqat hujjatning o‘z vaqtida rasmiylashtirilishi, balki fuqaroning xizmatdan mamnun bo‘lishi bilan ham belgilanadi.
Shu bois markaz xodimlari fuqarolarga xizmatlardan foydalanish tartibi, zarur hujjatlar, ariza topshirish va xizmat natijasini olish bilan bog‘liq masalalarda amaliy yordam ko‘rsatmoqda.
Davlat xizmatlarini aholiga yanada yaqinlashtirish maqsadida joyiga chiqqan holda xizmat ko‘rsatish imkoniyatlaridan ham foydalanilmoqda. Ayniqsa, markazdan uzoqda yashovchi fuqarolar, yoshi ulug‘ insonlar va turli sabablarga ko‘ra markazga kelishi qiyin bo‘lgan aholiga qulaylik yaratish muhim vazifalardan biridir.
Bunday xizmatlar orqali fuqarolarning murojaatlari joyida o‘rganilib, ularga zarur tushuntirishlar beriladi. Bu esa davlat xizmatlarining aholining barcha qatlamlari uchun teng va ochiq bo‘lishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Davlat xizmatlari tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning zamirida bitta ulug‘ maqsad — inson manfaatlarini ta’minlash, fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlash mujassam.
Bugun fuqaro davlat idorasiga emas, davlat xizmatidan foydalanish uchun qulay va zamonaviy tizimga murojaat qilishi kerak. Bu tamoyil davlat xizmatlari sohasida olib borilayotgan islohotlarning asosiy mazmunini tashkil etadi.Kelgusida ham davlat xizmatlarini raqamlashtirish, aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va fuqarolarning huquqiy savodxonligini yuksaltirish borasidagi ishlar izchil davom ettiriladi.
Zero, davlat xizmatining haqiqiy samarasi — fuqaroning vaqtini tejash, muammosini hal etish va undan rozi bo‘lib chiqishidadir.
Beruniy tumani adliya bo‘limi
Davlat xizmatlari markazi katta mutaxassisi Sh.R.Tureyev