Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

27

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limlarining yangi tizimdagi huquqiy maqomi qanday belgilanadi?


2026-yil 12-maydan boshlab oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, fitosanitariya va veterinariya sohalarida yagona davlat boshqaruvi va nazorat tizimini joriy etishga qaratilgan muhim tashkiliy-huquqiy islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 12-maydagi “Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, fitosanitariya va veterinariya sohalarida yagona davlat boshqaruvi va nazorat tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-84-son Farmoni bilan Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi tashkil etildi. Farmonda sohaga mas’ul davlat organlarining takrorlanuvchi funksiyalarini maqbullashtirish, “daladan dasturxongacha” tamoyili asosida xavf tahliliga asoslangan nazorat tizimini joriy etish hamda yagona davlat boshqaruvini shakllantirish nazarda tutilgan.
Mazkur islohotlarni tashkiliy jihatdan ta’minlash maqsadida 2026-yil 12-maydagi PQ-178-son “Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Hududiy boshqaruv tizimida qanday o‘zgarishlar yuz berdi?
PF-84-son Farmonining 2-ilovasida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining qayta taqsimlanayotgan tizim tashkilotlari ko‘rsatib o‘tilgan.
Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmalari, shuningdek, “tumanlar (shaharlar) veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limlari” Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasiga qayta taqsimlanayotgan tizim tashkilotlari qatoriga kiritilgan.
Shu bilan birga, PQ-178-son qarorida Qo‘mitaning hududiy bo‘linmalari sifatida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi bosh boshqarmalarining tashkil etilishi nazarda tutilgan.
Bu holat amaldagi veterinariya va chorvachilik tizimidagi hududiy tuzilmalarning yangi boshqaruv tizimiga o‘tkazilayotganini anglatadi.
“Bo‘lim tugatildi” degan xulosaga kelish mumkinmi?
Amaliyotda tuman yoki shahar darajasida faoliyat yuritgan “Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi”ning nomi yangi tashkiliy tuzilmada mavjud emasligi ushbu bo‘lim avtomatik ravishda yuridik jihatdan tugatilgan degan xulosaga olib kelishi mumkin.
Biroq bu masalada tizimga o‘tkazish, qayta tashkil etish va tugatish tushunchalarini farqlash muhim.
PF-84-son Farmonida mazkur tuman va shahar bo‘limlari Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasiga qayta taqsimlanayotgan tizim tashkilotlari tarkibida ko‘rsatilgan. Demak, ushbu norma bo‘limlarning veterinariya va chorvachilik sohasidagi avvalgi boshqaruv tizimidan yangi tashkil etilgan Qo‘mita tizimiga o‘tkazilishi uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

To‘rtko‘l tumani adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti                                                 D.Allabergenov