Янгиликлар
13
15 yillik ish stajiga ega tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga uy-joy uchun subsidiya ajratish tartibi tasdiqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 12-iyundagi 310-son qarori bilan “Davlat tibbiyot muassasalarida kamida o‘n besh yil ish stajiga ega bo‘lgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini uy-joy bilan ta’minlash uchun ipoteka krediti asosida sotib olinadigan uy-joyning dastlabki badal to‘lovining bir qismini qoplab berish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlandi.
Mazkur Nizom davlat tibbiyot muassasalarida uzoq yillar samarali mehnat qilayotgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda ularning uy-joy sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan.
Nizomga ko‘ra, fuqaro doimiy ro‘yxatdan o‘tgan hududidan qat’i nazar, respublikaning istalgan hududidan subsidiya dasturi doirasida birlamchi uy-joy bozoridan ipoteka krediti asosida uy-joy sotib olishi mumkin.
Subsidiya olish uchun ariza beruvchi:
•amalda davlat tibbiyot muassasasida faoliyat yuritayotgan bo‘lishi;
•davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lishi lozim.
Arizalar Davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz portali orqali qabul qilinadi. Bu esa fuqarolarga qulay va shaffof tarzda murojaat qilish imkoniyatini yaratadi.
Nizomga muvofiq, tanlov to‘liq onlayn shaklda o‘tkaziladi. Belgilangan mezonlarga to‘liq javob bergan nomzodlar orasidan har chorak uchun ajratilgan kvota doirasida 125 nafar g‘olib avtomatik tasodifiy tanlash tizimi orqali aniqlanadi. Mazkur tartib subsidiya ajratish jarayonining xolisligi va ochiqligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, subsidiya bir oilaga faqat bir marta beriladi. Ya’ni, er yoki xotindan biri ushbu imtiyozdan foydalangan bo‘lsa, ikkinchi turmush o‘rtog‘i mazkur subsidiya bo‘yicha qayta murojaat qila olmaydi.
Subsidiya ajratilganligi to‘g‘risidagi xabarnomani olgan g‘olib qurilish (pudrat) tashkiloti bilan birlamchi shartnoma tuzadi va ipoteka krediti rasmiylashtirilgach, subsidiya mablag‘i uy-joyning dastlabki badalining bir qismini qoplashga yo‘naltiriladi.
Xulosa o‘rnida aytganda, mazkur Nizom sog‘liqni saqlash tizimida ko‘p yillik mehnat qilayotgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning muhim huquqiy mexanizmini joriy etadi. Ushbu tartib ularning uy-joy bilan ta’minlanishiga ko‘maklashish, ipoteka kreditidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda sohada uzoq yillar faoliyat yuritayotgan mutaxassislarni rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
To‘rtko‘l tuman adliya bo‘limi,
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti N.Radjapova