Янгиликлар
14
Adliya bo‘limi tomonidan fuqarolarning mehnat huquqlari himoya qilindi
Chimboy tuman adliya bo‘limiga Chimboy tumani yo‘llardan foydalanish davlat muassasasida ishlovchi xodimlar A.Sarsenbaev va B.Reymovlar murojaat qilib, o‘z murojaatida ish haqini undirish va to‘lovlar kechikishi sababli pulli kompensatsiyalarini undirish bo‘yicha amaliy yordam berishni so‘ragan murojaati o‘rganib chiqildi.
O‘rganish davomida to‘plangan hujjatlardan, Chimboy tumani yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi tomonidan 2026-yil yanvar, fevral, mart, aprel va may oylari uchun A.Sarsenbaevga jami 9.639.452 (to‘qqiz million olti yuz o‘ttiz to‘qqiz ming to‘rt yuz ellik ikki) so‘m va B.Reymovga 6.887.513 (olti million sakkiz yuz sakson yetti ming besh yuz o‘n uch) so‘m miqdordagi ish haqi hisoblanib, shu kunga qadar to‘lab berilmaganligi ma’lum bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 25-moddasi 1-bandida ish beruvchi mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga, mehnat shartnomalari shartlariga rioya etishi shartligi belgilangan.
Mazkur Kodeksning 244, 333-moddalariga ko‘ra, ish beruvchining o‘z moliyaviy holatidan qat’i nazar, qonunchilikda, mehnat to‘g‘risidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, mehnat shartnomasida belgilangan mehnatga haq to‘lash shartlariga muvofiq xodimlar tomonidan bajarilgan ish uchun haq to‘lashni amalga oshirish majburiyati ko‘rsatilganligi, ish beruvchi ish haqini, ta’til to‘lovlarini, mehnat shartnomasi bekor qilingandagi to‘lovlarni va (yoki) xodimga to‘lanishi lozim bo‘lgan boshqa to‘lovlarni to‘lash muddatini buzgan taqdirda, ularni to‘lash muddatidan keyingi kundan e’tiboran haqiqiy hisob-kitob qilingan kunni o‘z ichiga olgan muddatga qadar har bir kechiktirilgan kun uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining o‘sha vaqtda amalda bo‘lgan qayta moliyalashtirish stavkasidan kelib chiqqan holda foizlar (pul kompensatsiyasi) bilan birga to‘lashi shartligi belgilangan.
Yuqoridagilarga asoslanib, Chimboy tuman adliya bo‘limi tomonidan fuqarolar A.Sarsenbaev va B.Reymovlar manfaatini ko‘zlab 2026-yil 9-iyun kuni ish haqini va to‘lovlar kechikishi sababli pul kompensatsiyalarini undirish bo‘yicha fuqarolik ishlari bo‘yicha Chimboy tumanlararo sudiga ariza kiritildi va sudning 2026-yil 10-iyuldagi hal qiluv qaroriga asosan:
A.Sarsenbaevga — 9.639.452 (to‘qqiz million olti yuz o‘ttiz to‘qqiz ming to‘rt yuz ellik ikki) so‘m miqdorida ish haqi pullari va 5.808.860 (besh million sakkiz yuz sakkiz ming sakkiz yuz oltmish) so‘m miqdorda pulli kompensatsiya;
B.Reymovga — 6.887.513 (olti million sakkiz yuz sakson yetti ming besh yuz o‘n uch) so‘m miqdorida ish haqi pullari va 2.507.055 (ikki million besh yuz yetti ming ellik besh) so‘m miqdorda pulli kompensatsiya pullari undirilishi belgilandi.
Chimboy tuman adliya bo‘limi boshlig‘i A.Gulimbetov