Янгиликлар
11
Alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalar uchun yangi imkoniyatlar
O‘zbekistonda alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalarni ta’lim va ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olishni kengaytirish maqsadida 2026 yil 4 avgustda PQ–292-son qaror qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ta’lim ehtiyoji individual baholanadi. Bunda ularning funksional imkoniyatlari, kundalik hayotdagi faolligi va jamiyatdagi ishtiroki ham hisobga olinadi.
2026 yil 1 sentyabrdan “oilabay” ishlash tizimi joriy etilib, ijtimoiy xodimlar ota-onalarga ta’lim va ijtimoiy xizmatlardan foydalanishda amaliy yordam ko‘rsatadi.
2026/2027 o‘quv yilidan ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida o‘quvchilar uchun individual ta’lim rejalari asosida ta’lim tashkil etiladi. Korreksion sinflar tashkil etgan nodavlat ta’lim tashkilotlariga esa subsidiya ajratiladi.
Shuningdek, 2027/2028 o‘quv yilidan nogironligi bo‘lgan abituriyentlarga oliy ta’limga kirish imtihonlarida 50 foiz qo‘shimcha vaqt beriladi. Ular Brayl alifbosi, audio va elektron materiallardan ham foydalanishi mumkin.
Bu choralar har bir bolaga uning ehtiyoj va imkoniyatlariga mos ta’lim olish uchun teng sharoit yaratishga qaratilgan.
To‘rtko‘l tuman adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti Sh.Ataniyazova