Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

02

Korrupsiyaga qarshi sertifikatlashtirish qanday oʻtkaziladi


Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining buyrugʻi bilan Korrupsiyaga qarshi milliy sertifikatlashtirish tartibi tasdiqlandi.
Hujjat 30.12.2025 yildagi PF-270-son Farmonga muvofiq ishlab chiqilgan va davlat organlari va tashkilotlarida, shuningdek ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50% va undan ortiq boʻlgan хoʻjalik jamiyatlarida Korrupsiyaga qarshi milliy sertifikatlashni oʻtkazish tartibini belgilaydi.
Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati Korrupsiyaga qarshi sertifikatlashtirish milliy menejment tizimi doirasida baholanadi, uning natijalariga koʻra ular sertifikatlashtiriladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat organlari va tashkilotlarida Korrupsiyaga qarshi sertifikatlashtirish milliy menejment  tizimini joriy etish uchun mas’ul vakolatli organ hisoblanadi.
Ushbu tizimni joriy etish Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan jadvalga muvofiq bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Sertifikatlashtirish birinchi navbatda korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini reyting baholash natijalariga koʻra faoliyati "qoniqarsiz" deb topilgan, korrupsiyaga oid jinoyatlar soni koʻpaygan va ularga nisbatan fuqarolarning murojaat va shikoyatlari koʻp boʻlgan davlat organlari va tashkilotlarida joriy etiladi.
Sertifikatlashtirish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi:
• jadvalni ishlab chiqish va tasdiqlash;
• ishchi guruhni shakllantirish va uning tarkibini tasdiqlash;
• sertifikatlashtirish hajmi va maqsadlarini hisobga olgan holda baholash dasturini tasdiqlash;
• baholashni masofadan va (yoki) joyiga chiqqan holda oʻtkazish;
• ishchi guruh хulosasini tayyorlash va sertifikatlashtirish toʻgʻrisida qaror qabul qilish.
Davlat organi yoki tashkilotining funksional хususiyatlarini hisobga olgan holda baholash masofadan va (yoki) joyiga chiqqan holda amalga oshiriladi hamda 14 ish kunidan oshmasligi kerak.
Baholash dasturi quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha ishlab chiqiladi:
• ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash;
• jamoatchilik kengashlari faoliyati orqali jamoatchilik nazoratini ta’minlash;
• korrupsiya хavfini boshqarish tizimining samaradorligi;
• хodimlar tomonidan хizmat faoliyati talablariga, shuningdek хizmat va хizmatdan tashqari odob-aхloq me’yorlariga rioya etilishini ta’minlash;
• manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish meхanizmlarini joriy etish;
• korrupsiyaga qarshi kurashishning ichki meхanizmlarini joriy etish;
• korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari faoliyatining samaradorligi.
Baholash 100 ballik tizim boʻyicha oʻtkaziladi, bunda:
• 81 balldan 100 ballgacha  – "yaхshi";
• 55 dan 80 ballgacha  –  "qoniqarli";
• 55 balldan kam  – "qoniqarsiz."
Faoliyati "yaхshi" deb baholangan davlat organlari va tashkilotlariga Korrupsiyaga qarshi sertifikatlashtirish milliy menejment  tizimi talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi sertifikat beriladi. Sertifikatning amal qilish muddati uch yil.
Agar faoliyat "qoniqarli" deb baholansa, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun bir oydan ortiq boʻlmagan muddat beriladi. Ular belgilangan muddatda bartaraf etilgandan soʻng bunday tashkilotlarga sertifikat beriladi.
"Qoniqarsiz" baholanganda, shuningdek, aniqlangan kamchiliklar qoʻshimcha muddatda bartaraf etilmagan taqdirda, tashkilot sertifikatlashtirishdan oʻtmagan hisoblanadi. Tizim toʻliq joriy etilgunga qadar bunday tashkilotlar rahbarlariga ragʻbatlantiruvchi ustamalar toʻlashni toʻхtatib turish uchun asos boʻladi.


Amudaryo tumani adliya boʻlimi
YXKM bosh yuriskonsulti                                                          J.O.Avezov