Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

01

Prezident qarori – fuqarolarga qulaylik, davlat xizmatlarida yangi bosqich


Mamlakatimizda aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari sifatini oshirish, ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni bartaraf etish hamda davlat organlari faoliyatini yanada raqamlashtirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Ana shunday muhim hujjatlardan biri – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga xorijga chiqish biometrik pasportini berishga doir davlat xizmati ko‘rsatish tartibini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori hisoblanadi.
Mazkur qaror fuqarolarga xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish jarayonini yanada qulay, tezkor va shaffof tashkil etishga xizmat qiladi. Qaror bilan davlat xizmatlarini ko‘rsatishda inson omilini kamaytirish, ortiqcha hujjatlar talab etilishining oldini olish, xizmatlarni elektron shaklda ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish hamda aholining vaqt va mablag‘ini tejashga alohida e’tibor qaratilgan.
Qaror ijrosini ta’minlash doirasida Davlat xizmatlari markazlari hamda Ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari zimmasiga fuqarolarga sifatli va o‘z vaqtida xizmat ko‘rsatish vazifasi yuklatilgan. Ariza qabul qilish, biometrik ma’lumotlarni rasmiylashtirish, to‘lovlarni amalga oshirish hamda tayyor hujjatni topshirish jarayonlari amaldagi qonunchilik talablari asosida tashkil etiladi.
Shuningdek, mas’ul davlat organlari axborot tizimlarining o‘zaro integratsiyasini ta’minlash, fuqarolardan davlat organlari tasarrufida mavjud bo‘lgan ma’lumotlarni qayta talab qilmaslik, murojaatlarni qonunchilikda belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqish hamda xizmat sifati ustidan doimiy nazoratni amalga oshirishlari lozim.
Davlat xizmatlari markazlari xodimlari zimmasiga murojaat qilgan fuqarolarga qonunchilik talablari yuzasidan to‘liq huquqiy tushuntirish berish, xizmatlardan foydalanishda amaliy ko‘mak ko‘rsatish va murojaatchilarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash kabi mas’uliyatli vazifalar ham yuklatilgan.
Bugungi kunda davlat xizmatlarini raqamlashtirish, “fuqaro – davlat organi” munosabatlarida ochiqlik va qulaylikni ta’minlash Yangi O‘zbekiston islohotlarining muhim yo‘nalishlaridan biridir. Prezidentimizning mazkur qarori ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qiluvchi muhim huquqiy asos bo‘lib, uning to‘liq va sifatli ijrosi davlat organlari, jumladan Davlat xizmatlari markazlari hamda boshqa vakolatli idoralarning mas’uliyatli va tizimli faoliyatini talab etadi.
Har bir davlat xizmatchisi ushbu qaror talablarini og‘ishmay bajarishi, fuqarolarga xizmat ko‘rsatishda qonuniylik, xolislik va shaffoflik tamoyillariga qat’iy amal qilishi zarur. Zero, fuqarolarga yaratilayotgan qulayliklar xalqimizning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga, mamlakatimizda inson qadri ulug‘lanayotganining amaliy ifodasi bo‘lib xizmat qiladi.

Beruniy tumani adliya bo‘limi
Davlat xizmatlari markazining
bosh mutaxassisi                                                                    J.Jumabayev