Янгиликлар
17
Bilasizmi
To‘lovga qobiliyatsizlik — sud tomonidan e’tirof etilgan, qarzdorning pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlar talablarini to‘liq hajmda qanoatlantirishga va (yoki) soliqlar hamda yig‘imlar bo‘yicha o‘z majburiyatlarini to‘liq bajarishga qodir emasligi holatidir.
Mazkur tushuncha yuridik shaxslar, jismoniy shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan qo‘llanilishi mumkin. To‘lovga qobiliyatsizlik qarzdorning moliyaviy ahvoli yomonlashib, o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarini belgilangan muddatlarda bajara olmasligi bilan tavsiflanadi.
Shuni ta’kidlash lozimki, har qanday qarzdor avtomatik ravishda to‘lovga qobiliyatsiz deb hisoblanmaydi. Qonunga ko‘ra, mazkur holat faqat sud tomonidan e’tirof etilganidan keyin huquqiy maqomga ega bo‘ladi.
To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ish yuritishning asosiy maqsadi qarzdorni faqat tugatish emas. Avvalo, uning moliyaviy ahvolini har tomonlama o‘rganish, imkoniyat mavjud bo‘lsa to‘lov qobiliyatini tiklash, faoliyatini davom ettirish uchun huquqiy mexanizmlarni qo‘llash hamda kreditorlarning qonuniy manfaatlarini ta’minlash ko‘zda tutiladi.
Qonunchilikda bunday holatlarda qarzdorning to‘lov qobiliyatini tiklashga qaratilgan turli tartib-taomillar, jumladan, sudgacha sanatsiya qilish, sud sanatsiyasi va tashqi boshqaruv kabi mexanizmlar nazarda tutilgan. Agar to‘lov qobiliyatini tiklashning imkoni bo‘lmasa, qonunda belgilangan tartibda qarzdorning mol-mulki hisobidan kreditorlar talablari qanoatlantiriladi.
Asos: O‘zbekiston Respublikasining «To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida»gi Qonuni, 3-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi
To‘lovga qobiliyatsizlik ishlari agentligi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo'limi, yetakchi maslahatchisi A.Orazimbetov