Янгиликлар
30
Fuqarolar uchun yangi imkoniyatlar
Ilgari fuqarolar notarius qabulini kutish uchun ancha vaqt sarflagan bo‘lsalar, endilikda onlayn tarzda oldindan navbatga yozilish imkoniyati yaratildi. Bu esa belgilangan vaqtda kelib, hujjatlarni tezkor rasmiylashtirish imkonini bermoqda.
Shuningdek, xorijda bo‘lib turgan vatandoshlarimizni qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Ilgari avtomobil oldi-sotdisi, molmulkni sotish uchun ishonchnoma berish yoki merosdan voz kechish kabi harakatlar uchun fuqarodan notarial idoraga shaxsan kelib-ketish talab etilar edi. Bugungi kunga kelib, ushbu muammo o‘z yechimini topdi. Ya’ni, notariat sohasida videokonferensaloqa orqali masofaviy notarial harakatlarni amalga oshirish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Prezidentimizning 2025-yil 10-dekabrdagi «Naqd pulsiz hisob-kitoblarni keng joriy etish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 246-sonli Farmoni islohotlarning muhim bosqichi bo‘ldi. Unga ko‘ra, 2026-yil 1-apreldan boshlab ko‘chmas mulk hamda foydalanish muddati 10-yilgacha bo‘lgan avtomobillarning oldi-sotdi shartnomalarini rasmiylashtirish faqat naqd pulsiz hisob-kitob asosida amalga oshirilmoqda.
Ushbu jarayon to‘liq shaffof va xavfsiz etib belgilangan. Notarius avtomatlashtirilgan baza orqali obyektning barcha ma’lumotlarini, jumladan, kadastr ma’lumotlari, MIB taqiqlari va kommunal to‘lovlardan qarzdorligi mavjudligini tekshiradi. Hujjatlar tayyor bo‘lgach, bank tomonidan mablag‘lar tushiriladigan maxsus ESCROW (eskrou) hisobvarag‘i ochiladi.
Bank tizimining notariat bazasi bilan integratsiya qilinganligi tufayli, hisobvaraq ochilgani tizimda zudlik bilan aks etadi. Shartnoma rasmiy tasdiqlanganidan so‘ng, sotuvchining telefoniga mablag‘larni olish imkoniyati haqida SMS xabarnoma yuboriladi. Bunday mexanizm fuqarolarning qimmatli vaqtini tejash bilan birga, har bir bitimning xavfsizligi va qonuniyligini kafolatlaydi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligining
sho'ba bosh maslahatchisi Nargiz Yerniyazova