Янгиликлар
22
Bolalar huquqlari kafolatlari
Bolalar huquqlari kafolatlari
On sakkiz yoshga to‘lmagan shaxs bola hisoblanadi. Bolalar va yoshlar kattalar bilan bir xil inson huquqlariga ega va bu barcha tomondan tan olinadi.
Bola huquqlarining ta’rifi mantiqan Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasining asosiy g‘oyalaridan kelib chiqadi. Uning alohida moddasi bolalarga bag‘ishlangan. Unda aytilishicha, "Onalik va bolalik alohida g‘amxo‘rlik va yordam olish huquqini beradi". Shunday qilib, deklaratsiyada e’lon qilingan barcha erkinliklarga bolalarning teng huquqliligini tan olgan holda, xalqaro hamjamiyat bolalarga qo‘shimcha yordam va qo‘llab-quvvatlash zarurligini tan oladi. Ya’ni, bolalar o‘zlarining maxsus ehtiyojlari, shuningdek ekspluatasiya va suiiste’molliklarga nisbatan zaifligi tufayli qo‘shimcha huquqlarga ega.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasida ishtirok etgan dunyoning ko‘plab mamlakatlari mutaxassislari bola huquqlari to‘g‘risidagi yangi hujjatning matnini ishlab chiqdilar, unda bolaning jamiyatdagi hayotining barcha jabhalari maksimal darajada hisobga olinadi. BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilindi. Shu bilan barcha mamlakatlar butun dunyo bo‘ylab bolalar oldida tarixiy majburiyat oldilar. Bu tarixdagi eng ko‘p ratifikatsiya qilingan inson huquqlari bo‘yicha shartnomaga aylandi va butun dunyo bo‘ylab bolalar hayotining o‘zgartirishga yordam berdi.
Har bir bola oziq-ovqat, birlamchi tibbiy yordam va rasmiy ta’lim, o‘yin va dam olish kabi asosiy ehtiyojlarga ega bo‘lgan g‘amxo‘r, mehribon hamda yetarli turmush darajasiga ega bo‘lgan oilada o‘sish huquqiga ega. Bundan tashqari, har bir bola e’tiborsizlik va zo‘ravonlikdan himoyalanish huquqiga ega.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining XIV bobi “Oila, bolalar va yoshlar” deb nomlangan. Hususan, Konstitutsiyaning 78-moddasidan quyidagicha norma o‘rin olgan:
“Farzandlar ota-onasining nasl-nasabi va fuqarolik holatidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar.
Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyatidir.
Onalik, otalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi”.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston bolalar manfaatlariga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirar ekan, “hech bir bola e’tibordan chetda qolmaydi” degan tamoyilga amal qilmoqda.
Shuningdek, “Inson qadri uchun” g‘oyasi hamda “hech kimni orqada qoldirmaslik” tamoyiliga muvofiq o‘tkazilgan konstitutsiyaviy islohotlar doirasida mamlakatimiz Asosiy qonuniga bolaning huquq va manfaatlarini ta’minlash kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan yangi ilg‘or normalar kiritildi, milliy qonunchilik bola huquqlariga doir xalqaro normalarga to‘la-to‘kis muvofiqlashtirilmoqda.
Xususan, O‘zbekistonning yangilangan Konstitutsiyasida bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha kafolatlar kuchaytirildi, bu borada davlatning majburiyatlari kengaytirildi.
Mamlakatimizda bolalar huquqlarini ta’minlashga doir ko’plab qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilingan bo‘lib, mazkur normativ-huquqiy hujjatlar “Bolaning eng yaxshi manfaatlari” prinsipini hayotga joriy qilishga qaratilmoqda.
Umuman olganda O‘zbekistonda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish bo‘yicha muhim qadamlar tashlandi. Xususan, 2024-yilning 14-noyabr kuni “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilindi.
Qonun bilan bolalarga nisbatan zo‘ravonlik shakllariga berilgan ta’riflar soni uchtadan (jismoniy, jinsiy, psixologik) oltitagacha (g‘amxo‘rlik qilmaslik, ekspluatatsiya, bulling) kengaytirildi.
Bundan tashqari, qonun bilan ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning javobgarligi oshirildi. Xususan, ular bolalarning hayotini asrash, ularga g‘amxo‘rlik qilish, mehr-muhabbat ko‘rsatish va sog‘liqqa zarar еtkazuvchi axborotlardan himoya qilishlari hamda tarbiya usullari dag‘al, shafqatsiz bo‘lmasligi, inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yo‘l qo‘ymasligi belgilanmoqda.
Xo’jayli tumani adliya bo’limi
Davlat xizmatlar markazi bo’lim boshlig’i A.Auezimbetov