Янгиликлар
22
Maktab ta’limi tizimida davlat xizmatlari – fuqarolarga yanada qulay
Maktab ta’limi tizimida davlat xizmatlari – fuqarolarga yanada qulay
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022— yil 1— iyundagi 295-sonli “Maktab ta’limi tizimida davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bilan maktab ta’limi sohasida aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yangi va zamonaviy tartiblari belgilandi. Qarorning 1-ilovasiga muvofiq, bolalarni davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga qabul qilish hamda o‘quvchilarni bir maktabdan boshqasiga o‘tkazish jarayonlari elektron shaklda amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur tartibning asosiy maqsadi aholiga qulaylik yaratish, ortiqcha ovoragarchiliklarni bartaraf etish hamda ta’lim sohasida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashdan iborat. Endilikda ota-onalar farzandlarini maktabga qabul qilish uchun arizalarni elektron tarzda topshirishlari, murojaat holatini kuzatib borishlari mumkin.
Qarorga muvofiq, davlat xizmatlaridan foydalanish uchun fuqarolar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining elektron xizmatlar portali orqali murojaat qilish imkoniyatiga ega. Bu esa vaqtni tejash, hujjatlarni masofadan turib rasmiylashtirish va xizmatlardan tezkor foydalanish imkonini beradi.
Davlat xizmatlari markazlari ham mazkur jarayonlarda aholiga amaliy yordam ko‘rsatib kelmoqda. Markaz xodimlari fuqarolarga elektron murojaatlarni rasmiylashtirish, zarur ma’lumotlarni kiritish va davlat xizmatlaridan foydalanish tartiblari bo‘yicha maslahatlar berishmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, raqamli texnologiyalarning keng joriy etilishi ta’lim sohasida inson omilini kamaytirish, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish va xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Fuqarolarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, davlat xizmatlarini sodda va qulay shaklda ko‘rsatish bugungi kunda davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu bois har bir ota-ona va fuqaro mazkur imkoniyatlardan samarali foydalanishi maqsadga muvofiq.
A.Allanazarov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi Beruniy tuman adliya bo‘limi bo‘lim boshlig‘i