Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

22

Ilmiy daraja olish jarayoni soddalashtiriladi: bir qator talablar bekor qilinmoqda


Ilmiy daraja olish jarayoni soddalashtiriladi: bir qator talablar bekor qilinmoqda

O‘zbekistonda ilm-fan va oliy ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchilar uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida muhim o‘zgarishlar joriy etilmoqda. Prezidentimizning 2026-yil 26-may kungi “Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, 2027-yil 1-yanvardan boshlab ilmiy darajalar berish tizimida qator byurokratik talab va tartiblar bekor qilinadi.
Mazkur islohotlarning asosiy maqsadi ilmiy izlanishlar samaradorligini oshirish, ortiqcha hujjatbozlikni qisqartirish hamda tadqiqotchilarning vaqt va resurslarini bevosita ilmiy faoliyatga yo‘naltirishdan iborat.
Farmonga ko‘ra, endilikda ilmiy daraja olish uchun chet tili fanidan malakaviy imtihon topshirish talabi bekor qilinadi. Ushbu tartib mustaqil izlanuvchilarga nisbatan saqlanib qoladi. Bu yangilik ko‘plab tadqiqotchilar uchun ilmiy darajaga erishish yo‘lidagi qo‘shimcha to‘siqlarning bartaraf etilishiga xizmat qiladi.
Shuningdek, ilmiy faoliyat jarayonida qo‘llanib kelayotgan bir qator majburiy tartiblar ham amaliyotdan chiqariladi. Xususan, dissertatsiya mavzularini ro‘yxatdan o‘tkazish va himoya to‘g‘risida e’lon berish, dissertatsiyani yetakchi tashkilotlarda muhokamadan o‘tkazish, avtoreferat chop etish hamda ilmiy natijalarning amaliyotga joriy etilgani haqida alohida xulosa olish kabi talablar bekor qilinadi.
Bundan tashqari, ijtimoiy-gumanitar fanlar yo‘nalishida fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga da’vogarlar uchun dissertatsiya natijalari asosida monografiya chop etish majburiyati ham olib tashlanadi.
Islohotlar doirasida ilmiy ekspertiza va tasdiqlash jarayonlari ham soddalashtiriladi. Endilikda Oliy attestatsiya komissiyasining fan tarmoqlari bo‘yicha ekspert kengashlari tomonidan dissertatsiyalarni qo‘shimcha ilmiy ekspertizadan o‘tkazish hamda himoya qilingan dissertatsiyalar yuzasidan ilmiy kengash qarorlarini tasdiqlash amaliyoti bekor qilinadi.
Yana bir muhim yangilik – ta’lim va ilmiy-tadqiqot faoliyatiga jalb qilingan xorijiy mutaxassislarning chet elda olgan ilmiy darajalari bo‘yicha hujjatlarni nostrifikatsiya qilish talabi ham bekor qilinadi. Bu esa xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish va xorijlik olimlarni mamlakat ilm-fan tizimiga faol jalb etishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, ilmiy daraja beruvchi ilmiy kengashlar faoliyati ustidan samaradorlik nazoratini kuchaytirish maqsadida 2027-yil 1-yanvardan reyting tizimi joriy etiladi. Mazkur tizim ilmiy kengashlar ishining sifati, shaffofligi va natijadorligini baholash imkonini beradi.

Amudaryo tumani adliya bo’limi
YuXKM boshyuriskonsulti A.Tojiboyev