Янгиликлар
22
O‘zbekiston Respublikasida normativ-huquqiy hujjatlar va ularning ahamiyati
O‘zbekiston Respublikasida normativ-huquqiy hujjatlar va ularning ahamiyati
Normativ-huquqiy hujjat qonunchilikka muvofiq qabul qilingan, umummajburiy davlat koʻrsatmalari sifatida huquqiy normalarni belgilashga, oʻzgartirishga yoki bekor qilishga qaratilgan rasmiy hujjatdir.
Normativ-huquqiy hujjatlarning turlari quyidagilardan iborat:
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi; Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari;
vazirliklar va idoralarning buyruqlari hamda qarorlari;
mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari.
Normativ-huquqiy hujjatlar qonunchilik hujjatlari boʻlib, ular Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligini tashkil etadi. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari qonun hujjatlaridir. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, vazirliklar va idoralarning buyruqlari hamda qarorlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari qonunosti hujjatlaridir.
Turli normativ-huquqiy hujjatlarning yuridik kuchi boʻyicha oʻzaro nisbati Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilgan organlarning vakolatlariga va maqomiga, ushbu hujjatlarning turlariga, shuningdek normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan sanaga muvofiq belgilanadi. Normativ-huquqiy hujjat oʻziga nisbatan yuqoriroq yuridik kuchga ega boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq boʻlishi kerak. Normativ-huquqiy hujjatlar oʻrtasida tafovutlar boʻlgan taqdirda yuqoriroq yuridik kuchga ega boʻlgan normativ-huquqiy hujjat qoʻllaniladi. Teng yuridik kuchga ega boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar oʻrtasida tafovutlar boʻlgan taqdirda, keyinroq qabul qilingan normativ-huquqiy hujjat qoidalari amal qiladi, bundan ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan hol mustasno. Agar normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan vazirlikning yoki idoraning ijtimoiy munosabatlarning muayyan sohasini huquqiy jihatdan tartibga solish uchun maxsus vakolati boʻlsa, ushbu organ qabul qilgan hujjat bir xil maqomdagi boshqa vazirlik yoki idora tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatga nisbatan yuqoriroq yuridik kuchga ega boʻladi. Inson bilan davlat organlarining oʻzaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi.
Normativ-huquqiy hujjatlar davlatning huquqiy asosini tashkil etuvchi muhim rasmiy hujjatlardir. Ular jamiyatdagi munosabatlarni tartibga solish, qonun ustuvorligini ta’minlash va fuqarolarning huquqlarini himoya qilishda muhim ahamiyatga ega. Normativ-huquqiy hujjatlarni bilish va ularga rioya qilish har bir fuqaroning huquqiy madaniyatini yuksaltirishga hamda huquqiy davlatni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Amudaryo tumani Adliya bo‘limi boshlig‘i M.Sadikov