Янгиликлар
22
Kichik biznes loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi imkoniyatlar yaratiladi
Kichik biznes loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi imkoniyatlar yaratiladi
O‘zbekistonda moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish hamda kichik va o‘rta biznes subyektlarini yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida Prezidentning 2026-yil 26-maydagi PQ–204-son qarori qabul qilindi. Mazkur hujjat tadbirkorlar uchun moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, kredit olish jarayonlarini soddalashtirish va biznesni rivojlantirishga ko‘maklashishni nazarda tutadi.
Qarorga muvofiq, 2026-yil 1-iyulgacha tadbirkorlar uchun yangi raqamli moliyaviy platforma ishga tushiriladi. Ushbu platforma orqali kredit olish uchun onlayn ariza yuborish hamda bir vaqtning o‘zida bir nechta tijorat banklarining takliflarini olish imkoniyati yaratiladi. Bu esa tadbirkorlarga eng qulay moliyalashtirish shartlarini tanlashda yordam beradi.
Shuningdek, tijorat banklari tomonidan mahallalarning ixtisoslashuvi va hududlarning iqtisodiy “o‘sish nuqtalari”ni inobatga olgan holda biznes g‘oyalarni ishlab chiqishga ko‘maklashuvchi “AI maslahatchi” dasturi joriy etiladi. Mazkur dastur tadbirkorlarga istiqbolli loyihalarni shakllantirish va biznes faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishda amaliy yordam ko‘rsatadi.
2026-yil 1-iyuldan boshlab “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturi doirasida ham bir qator yangi imtiyozlar taqdim etiladi. Jumladan, avval ushbu dastur doirasida mikrokredit olgan va ijobiy kredit tarixiga ega bo‘lgan tadbirkorlar uchun garovsiz mikrokredit miqdori 100 million so‘mdan 200 million so‘mgacha oshiriladi.
Bundan tashqari, “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan kichik tadbirkorlik subyektlariga kredit miqdoridan qat’i nazar, uning 5 milliard so‘mgacha bo‘lgan qismi uchun foiz xarajatlarini qoplash maqsadida kompensatsiya beriladi.
Qarorda yuqori natijalarga erishgan tadbirkorlarni rag‘batlantirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Har yili dastur asosida qo‘llab-quvvatlangan va faoliyatida yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan 100 nafar tadbirkorga biznesni raqamlashtirish, xalqaro standartlarni joriy etish hamda yashil texnologiyalardan foydalanish xarajatlari uchun 300 million so‘mgacha grant ajratiladi.
Mazkur chora-tadbirlar mamlakatda tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash, kichik biznesning moliyaviy barqarorligini mustahkamlash va yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Amudaryo tuman adliya bo’limi
YuXKM boshlig‘i Sh.Vaisniyazov