Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

01

Harbiy xizmat nufuzi oshmoqda: yoshlar uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochilmoqda


Harbiy xizmat nufuzi oshmoqda: yoshlar uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochilmoqda

2026 yil 7 aprel kuni Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan PQ-134-son qaror — “Oʼzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʼtash nufuzi va jozibadorligini oshirish boʼyicha navbatdagi chora-tadbirlar toʼgʼrisida” — mamlakatimizda yoshlarni harbiy xizmatga jalb etish, ularning bilim olishi va kelajakda munosib oʼrin egallashi uchun keng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan muhim hujjat boʼldi.
Mazkur qarorga koʼra, 2026/2027 oʼquv yilidan boshlab muddatli harbiy xizmatni oʼtayotgan askarlar uchun oliy taʼlim olish imkoniyati yaratilmoqda. Endi ular xizmat davomida oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat bosqichiga masofaviy taʼlim shaklida hujjat topshirishi, kirish imtihonlarida ishtirok etishi va oʼqishga qabul qilinishi mumkin.
Eng muhimi, toʼlov-kontrakt asosida oʼqishga kirgan askarlarga qonunchilikda belgilangan tartibda imtiyozli taʼlim krediti ajratiladi. Bu esa harbiy xizmatni oʼtash bilan birga oʼz bilim va salohiyatini oshirishni istagan yoshlar uchun katta imkoniyatdir.
Qarorga muvofiq, harbiy xizmatni oʼtayotgan askarlar oliy taʼlim muassasalari huzuridagi harbiy tayyorgarlik oʼquv markazlari talabalariga tenglashtiriladi. Xizmatni muvaffaqiyatli yakunlagan va oʼqishni tamomlagan yoshlarga belgilangan tartibda “zahiradagi leytenant” harbiy unvoni berilishi koʼzda tutilgan.
Bu esa harbiy xizmatni nafaqat burch, balki kelajakdagi kasbiy oʼsish uchun mustahkam poydevorga aylantirmoqda.
Hujjatda namunali xizmat qilgan, shuningdek, sport va fan sohalarida yuqori natijalarga erishgan askarlarni qoʼllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilgan. Jumladan:
•    har yili 100 nafar eng munosib askar tanlab olinib,
•    ular oliy harbiy va harbiylashtirilgan taʼlim muassasalariga imtihonlarsiz,
•    belgilangan kvota doirasida toʼgʼridan-toʼgʼri oʼqishga qabul qilinadi.
Shuningdek, Olimpiya va Osiyo oʼyinlari dasturiga kiritilgan sport turlari boʼyicha respublika va xalqaro musobaqalarda gʼolib boʼlgan askarlar Oʼzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga imtihonlarsiz davlat granti asosida qabul qilinadi.
Qarorda askarlarni kasbga oʼqitish masalasiga ham alohida urgʼu berilgan. Harbiy qismlarda maxsus oʼquv guruhlari tashkil etilib, yoshlar kamida bitta kasbni egallash imkoniyatiga ega boʼladi.
Olti oygacha davom etadigan ushbu kurslarni muvaffaqiyatli tugatgan askarlarga davlat namunasidagi sertifikat beriladi. Bu esa ularning harbiy xizmatdan keyin mehnat bozorida oʼz oʼrnini topishiga xizmat qiladi.
2027 yil 1 apreldan boshlab muddatli harbiy xizmatni oʼtagan yoshlar uchun yana bir muhim imtiyoz joriy etiladi. Davlat organlari va tashkilotlariga ishga kirishda test natijalariga qoʼshimcha ravishda 10 foiz ball berilishi belgilangan.
Bu imtiyoz harbiy xizmatni oʼtagan yoshlarning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
PQ-134-son qaror — harbiy xizmatni zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, uning nufuzini oshirish va yoshlar uchun jozibador tizimga aylantirishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar majmuasidir./

To'rtko'l tumani Adliya bo’limi Yuridik xizmat ko'rsatish markazi
Bosh yuriskonsulti:  N.Z.Radjapova