Янгиликлар
18
Spinal mushak atrofiyasi tashxisi qo‘yilgan bolalarni uy sharoitida davolash tizimi takomillashtiriladi
Spinal mushak atrofiyasi tashxisi qo‘yilgan bolalarni uy sharoitida davolash tizimi takomillashtiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 17 apreldagi 184-son qarori bilan spinal mushak atrofiyasi (SMA) tashxisi qo‘yilgan bolalarni uy sharoitida davolash uchun zarur bo‘lgan tibbiy jihozlar, protez-ortopediya moslamalari hamda reabilitatsiya texnik vositalari bilan ta’minlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan nizom tasdiqlandi.
Mazkur hujjatga ko‘ra, 2027 yil 1 yanvardan boshlab SMA tashxisi qo‘yilgan bolalarni davlat tomonidan kafolatlangan tarzda tibbiy jihozlar va reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlash hamda ulardan vaqtincha bepul foydalanish tizimi joriy etiladi.
Uy sharoitida davolanish uchun murojaat tartibi
Nizomga asosan, bemor bolalarning ota-onalari yoki qonuniy vakillari yashash hududidagi tuman (shahar) tibbiyot birlashmasiga bolani uy sharoitida davolash bo‘yicha ariza bilan murojaat qiladi.
Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
• yakuniy tashxis qo‘yilgan tibbiy xulosa;
• tavsiya etilgan zarur tibbiy jihozlar va vositalar ro‘yxati.
Taqdim etilgan ariza hududiy ishchi guruh tomonidan 10 kun muddatda ko‘rib chiqiladi.
Tibbiy jihozlarga bo‘lgan ehtiyoj shakllantiriladi
Hududiy ishchi guruh har yili 1 iyunga qadar kelgusi yil uchun zarur bo‘ladigan tibbiy jihozlar va mablag‘larga ehtiyojni elektron shaklda respublika ishchi guruhiga yuboradi.
Respublika ishchi guruhi esa ushbu ma’lumotlarni umumlashtirib, 15 iyunga qadar Sog‘liqni saqlash vazirligiga taqdim etadi.
Shundan so‘ng, Sog‘liqni saqlash vazirligi kelgusi yilning 1 iyuniga qadar amaldagi qonunchilik asosida zarur tibbiy jihozlar va reabilitatsiya vositalarini xarid qilish choralarini ko‘radi.
Jihozlar hududlarga taqsimlanadi
Qarorga muvofiq, uskunalar va mablag‘lar har yili 1 iyulga qadar hududlar kesimida taqsimlanadi.
Bola ota-onasi yoki qonuniy vakiliga jihozlarni topshirish esa shartnoma rasmiylashtirilganidan keyin 10 kun ichida amalga oshiriladi.
Mazkur hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan bo‘lib, 2026 yil 20 apreldan kuchga kirgan.
To‘rtko‘l tuman Adliya bo‘limi
Yuridik Xizmat Ko‘rsatish Markazi bosh
yuristkonsulti Allabergenov Davranbek Allabergenovich