Янгиликлар
15
Savol. Ishlaydigan erkaklarga xotinining homiladorlik va tug‘ish ta’tili davrida yillik mehnat ta’tili uchun qonunchilikda qanday kafolatlar belgilangan?
Savol. Ishlaydigan erkaklarga xotinining homiladorlik va tug‘ish ta’tili davrida yillik mehnat ta’tili uchun qonunchilikda qanday kafolatlar belgilangan?
Javobi ✅ O’zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 228-moddasi (ikkinchi va keyingi ish yillari uchun har yilgi mehnat ta’tilini berish tartibi) 5-qismida ishlaydigan erkaklarga har yilgi mehnat ta’tili ularning xohishiga ko‘ra xotinining homiladorlik va tug‘ish ta’tili davrida berilishi ko’rsatilgan. Ya’ni e’tibor bering, bu modda 2- va keyingi ish yillari uchun har yilgi mehnat ta’tilini berish tartibini belgilaydi.
❌ Haqiqatan ham, Mehnat Kodeksining 227-moddasi (1-ish yili uchun har yilgi mehnat ta’tilini berish tartibi) 3-qismida 6 oy o‘tguniga qadar xodimning xohishiga ko‘ra har yilgi mehnat ta’tili beriladigan shaxslar toifasida bu toifa erkaklar ko’rsatilmagan. Shunga ko’ra, ayrim ish beruvchilar ushbu toifa erkaklarga 1-ish yili uchun ushbu kafolatni taqdim qilmayotgan ekan, MK 227-moddasida va jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida yoxud boshqa ichki hujjatlarda ham belgilanmagan deb. Bu asossiz.
✅ Chunki Mehnat Kodeksining 400-moddasi 4-qismiga ko’ra, ishlaydigan erkaklarga xotinining homiladorlik va tug‘ish ta’tili davrida o‘z xohishiga ko‘ra yillik mehnat ta’tili:
1-ish yili uchun — ishlab berilgan vaqtdan qat’i nazar;
keyingi yillarda — ta’tillar berish jadvalidan qat’i nazar beriladi.
Demak, e’tibor bering garchi Mehnat Kodeksining 227-modda 3-qismida ko’rsatilmagan bo’lsada, lekin 400-moddada ushbu kafolat turibdi.
✅ Shuning uchun ham, ishlaydigan erkaklarga xotinining homiladorlik va tug‘ish ta’tili davrida o‘z xohishiga har yilgi mehnat ta’tili 1-ish yili uchun ham ishlab berilgan vaqtdan qat’i nazar berilishi kerak ekan. Shunga o’xshash ta’tillar bilan bog’liq chalg’ituvchi holatni Mehnat Kodeksining 232-moddasi 2-qismida ham ko’rishimiz mumkin. Unga ko’ra, 18 yoshga to‘lmagan xodimlarni, homilador ayollarni va mehnat sharoitlari o‘ta zararli va o‘ta og‘ir ishlarda band bo‘lgan xodimlarni har yilgi mehnat ta’tilidan chaqirib olishga yo‘l qo‘yilmaydi. E’tibor bering, bu yerdagi ro’yxatda I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlar yo’q. Lekin Mehnat Kodeksining 429-moddasi 3-qismiga ko’ra, I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimni yillik mehnat ta’tilidan chaqirib olishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Beruniy tumani Adliya bo‘limi
yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i
1-darajali yuristi M.Kamalova