Янгиликлар
13
Gaz ballonlari uchun arizalar – «E-gaz» tizimi orqali ko‘rib chiqiladi
Gaz ballonlari uchun arizalar – «E-gaz» tizimi orqali ko‘rib chiqiladi
O'zbekiston Respublikasi vazirlar Mahkamasining 17.04.2026 yildagi 180-son qarori bilan Turar joy xonadonlarini maishiy gaz ballonlari bilan ta'minlashda davlat xizmati ko'rsatishning Ma'muriy reglamenti tasdiqlandi.
Maishiy gaz balloni tabiiy gaz yetib bormagan hududlarda istiqomat qiluvchi jismoniy shaxslarga beriladi.
Reglamentga muvofiq, 2026 yil 1 iyundan boshlab turar joy xonadonlarini maishiy gaz ballonlari bilan ta'minlash bo'yicha davlat xizmati vakolatli operator tomonidan Davlat xizmatlari markazlari yoki YaIDXP (my.gov.uz) orqali ko'rsatiladi.
Ariza kelib tushgan kuni vakolatli operator «E-gaz» dasturida ma'lumotlarni real vaqt rejimida shakllantiradi. So'rovnomada ko'rsatilgan ma'lumotlar bir ish kuni ichida tekshiriladi.
So'ng uch ish kuni ichida ariza beruvchini maishiy gaz balloni bilan ta'minlash zaruriyati joyiga chiqib o'rganiladi va o'rganish yakunlari bo'yicha dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
Xulosa ijobiy bo'lgan taqdirda, ariza beruvchi bilan tegishli shartnomalar rasmiylashtiriladi.
Shartnomalar asosida «Face ID» tizimi orqali identifikatsiya qilinib, ariza beruvchiga gaz yetkazib berish uchun tegishli hisobvaraq ochiladi va o'n ish kuni ichida unga bir dona maishiy gaz balloni bepul yetkazib beriladi.
Davlat xizmatini ko'rsatishni rad etish uchun quyidagilar asos bo'ladi:
maishiy gaz ballonini olish uchun ariza beruvchi tomonidan so'rovnoma ma'lumotlari to'liq to'ldirilmasdan taqdim etilganda;
ariza beruvchi tomonidan berilgan so'rovnomadagi ma'lumotlar tasdig'ini topmaganda;
ariza beruvchining xonadoniga maishiy gaz balloni berilib, u tomonidan qo'shimcha maishiy gaz balloni so'ralganda;
maishiy gaz ballonidan foydalanish uchun gaz plitasi mavjud bo'lmaganda yoki oshxona texnik talablarga mos bo'lmaganda.
Bitta turar joy xonadonida ikki va undan ortiq oila yashaydigan hollarda, agar xonadonda texnik talablarga mos bo'lgan alohida-alohida (yoki umumiy) gaz plitasi hamda oshxona mavjud bo'lganda, bitta kadastr raqamiga ega bo'lgan holatda ham, istisno tariqasida, har bir oilaga alohida bittadan maishiy gaz ballon ajratilishiga joyida o'tkaziladigan o'rganish dalolatnomasini rasmiylashtirish orqali ruxsat beriladi.
R.Kurbanov
Taxiatosh tumani adliya bo'limi,
YuXKM bosh yuriskonsul'ti