Янгиликлар
01
Oliy malaka toifasiga ega pedagoglar uchun ipoteka subsidiyasi joriy etildi
Oliy malaka toifasiga ega pedagoglar uchun ipoteka subsidiyasi joriy etildi
Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 19 fevraldagi 69-son qaroriga muvofiq, oliy malaka toifasiga (bosh oʼqituvchi lavozimiga) ega boʼlgan pedagoglarni ijtimoiy qoʼllab-quvvatlashning yangi tizimi joriy etildi.
Mazkur qaror mamlakatda oʼqituvchi kasbining nufuzini oshirish, ularning mehnatini munosib ragʼbatlantirish va yashash sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan muhim qadam hisoblanadi.
Qarorga asosan, 2026 yildan boshlab kamida 15 yil pedagogik ish stajiga ega hamda oliy malaka toifasiga ega boʼlgan pedagoglarga ipoteka krediti olishda davlat tomonidan moliyaviy yordam koʼrsatiladi. Xususan, ipoteka krediti boʼyicha boshlangʼich badalning 25 foizi Davlat byudjeti mablagʼlari hisobidan subsidiya sifatida qoplab beriladi. Bu esa pedagoglarga uy-joy sotib olishda katta yengillik yaratadi.
Ushbu imkoniyatdan foydalanish uchun pedagoglar belgilangan tartibda ariza topshirishlari lozim.
Аrizalar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinadi.
Eʼtiborli jihati shundaki, ariza berish va koʼrib chiqish jarayonlari toʼliq raqamlashtirilgan boʼlib, inson omilisiz avtomatik tarzda amalga oshiriladi. Bu esa jarayonning shaffofligi va adolatliligini taʼminlaydi.
Аriza beruvchilar ijtimoiy mezonlar asosida baholanadi. Jumladan, ularning ish staji, malaka toifasi, uy-joyga egalik holati hamda kredit tarixi tegishli axborot tizimlari orqali avtomatik ravishda tekshiriladi.
Barcha maʼlumotlar «subsidiya.idm.uz» elektron platformasi orqali qayta ishlanadi va natijalar qisqa muddatlarda taqdim etiladi.
Dasturni moliyalashtirish uchun Davlat byudjeti hisobidan har yili 200 milliard soʼmgacha mablagʼ ajratilishi belgilangan. Bu mablagʼlar 2026 yilda amaldagi uy-joy dasturlari doirasida, keyingi yillardan esa alohida byudjet parametrlari asosida yoʼnaltiriladi.
Subsidiya ajratish toʼgʼrisida ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, pedagog talabgor sifatida eʼtirof etiladi va u tijorat banklari orqali ipoteka krediti rasmiylashtirish huquqiga ega boʼladi. Bunda davlat tomonidan ajratilgan subsidiya mablagʼlari avtomatik tarzda boshlangʼich badalga yoʼnaltiriladi va faqat uy-joy sotib olish maqsadida ishlatiladi.
Shu bilan birga, qarorda subsidiya ajratishni rad etish holatlari ham aniq belgilab qoʼyilgan. Masalan, arizadagi maʼlumotlar notoʼgʼri boʼlganida, ijtimoiy mezonlarga mos kelmaganida, avval ushbu turdagi subsidiyadan foydalanilgan boʼlsa yoki kredit tarixi talablarga javob bermasa, subsidiya ajratilmaydi. Shuningdek, belgilangan yillik limit tugagan taqdirda ham arizalar qabul qilinishi toʼxtatiladi.
Umuman olganda, mazkur qaror pedagoglarni nafaqat maʼnaviy, balki amaliy jihatdan qoʼllab-quvvatlashga qaratilgan samarali mexanizm hisoblanadi. Аyniqsa, ipoteka krediti boʼyicha boshlangʼich badalning 25 foizini davlat tomonidan qoplab berilishi koʼp yillik tajribaga ega oʼqituvchilar uchun uy-joy masalasini hal etishda real imkoniyat yaratadi. Shu orqali taʼlim sohasida malakali kadrlarni ragʼbatlantirish va ularning ijtimoiy barqarorligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Taxiatosh tumani Adliya bo’limi
Davlat xizmatlari markazining bo’lim boshlig’i
A.Orazimbetov