Янгиликлар
31
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 05.03.2026 yildagi PQ-78-son Qarori mazmun-mohiyati
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 05.03.2026 yildagi PQ-78-son Qarori mazmun-mohiyati
Mamlakatimizning turistik jozibadorligini yanada oshirish, sayyohlarga qulaylik yaratish va chakana savdo sohasida hisob-kitoblar shaffofligini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori (05.03.2026 yildagi PQ-78-son) qabul qilindi. Ushbu hujjatga ko‘ra, xorijiy fuqarolarga xaridlar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) qaytarish tizimi sezilarli darajada soddalashtiriladi.
2026-yil 1-apreldan boshlab bu borada qanday muhim yangiliklar kuchga kiradi?
1. Barcha xalqaro aeroportlarda «Tax Free»
Agar oldinlari ushbu tizim faqat «Toshkent» va «Samarqand» xalqaro aeroportlarida tajriba tariqasida xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, endilikda u respublikamizning barcha xalqaro aeroportlarida to‘laqonli yo‘lga qo‘yiladi.
2. Naqd pulda qaytarib olish imkoniyati
Eng katta qulayliklardan biri — chet el fuqarolari endi o‘z xohishlariga ko‘ra qaytarilayotgan QQS summasini nafaqat bank kartalariga, balki naqd pul ko‘rinishida ham olishlari mumkin bo‘ladi.
3. Hisob-kitob tartibi va muddatlar
Taqsimot: QQS summasining 85 foizi sayyohning o‘ziga qaytariladi, qolgan 15 foizi esa «tax free» tizimi operatori xizmatlari uchun yo‘naltiriladi.
Muddat: Agar chet el fuqarosi pullarni o‘z bank kartasiga tushirib olishni tanlasa, ushbu summa tovarlar O‘zbekistondan olib chiqib ketilgan kundan e’tiboran 3 ish kunidan kechiktirmay to‘lab beriladi.
4. Xarid cheklovlarining bekor qilinishi
Minimal xarid: QQSni qaytarish tizimidan foydalanish uchun xaridning eng kam qiymati (QQSni inobatga olgan holda) 300 ming so‘m etib belgilandi.
Barcha tovarlar uchun: Oldingi amaliyotdagi «tax free» tatbiq etiladigan tovarlarning chegaralangan ro‘yxati bekor qilinadi. Ya'ni, endi oziq-ovqat mahsulotlaridan tashqari barcha tovarlar uchun QQSni qaytarib olish mumkin.
5. Bojxona postlariga ham joriy etiladi
QQSni qaytarish xizmati kelgusida nafaqat aeroport va vokzallarda, balki chegara o‘tkazish punktlarida ham bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi. Xususan, «G‘ishtko‘prik» chegara bojxona postida barcha talablarga javob beradigan «tax free» xizmat ko‘rsatish punkti tashkil etilishi belgilangan.
6. Raqamlashtirish va qulaylik
Endilikda sayyohlar Soliq qo‘mitasining maxsus mobil ilovasidan ro‘yxatdan o‘tishda qiyinchilikka duch kelmaydi. Ularga elektron pochta orqali tezkor identifikatsiyadan o‘tish imkoniyati yaratiladi. Tizimga nafaqat yirik savdo markazlari, balki oddiy chakana savdo shoxobchalari ham keng jalb etiladi.
Asosiy maqsad nima? Davlatimiz ushbu chora-tadbirlar orqali 2026–2027 yillarda chet el fuqarolari tomonidan O‘zbekistonda amalga oshiriladigan xaridlar hajmini 10 baravarga oshirishni maqsad qilgan. Bu esa, o‘z navbatida, mahalliy tadbirkorlar va iqtisodiyot uchun ulkan manfaat keltiradi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi
Notariat, advokatura va mediatsiya sho‘basi
bosh maslahatchisi, 2-darajali yurist Sh. Masharipov