Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

31

Mehnat huquqi: Xizmat safari bilan bog‘liq savollarga javob beramiz


Mehnat huquqi: Xizmat safari bilan bog‘liq savollarga javob beramiz

Respublika miqyosidagi davlat tashkilotida xodimlar Nukus shahri markazidan 70–80 km masofada joylashgan tumanlarga ikki-uch kunlik xizmat safariga yuborilmoqda. Buxgalteriya esa respublika miqyosida yuborilgan xodimlarga yashash puli to‘lanmasligini bildirmoqda. Faqat sutkalik tulanishi, Shu bilan birga, «sizlarga ishxona tomonidan har oyda 412 000 so‘m ovqat puli to‘lanadi, shuning uchun respublikamiz ichidagi xizmat safarlarida xodimning kunlik ovqatlanish xarajatlari alohida qoplanmaydi» degan asos keltirilmoqda.

Xizmat safariga yuborilgan xodimlarga xizmat safari xarajatlarini to‘lash tartibi qanday?
O‘zbekiston Respublikasi hududidagi xizmat safarlari bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash tartibi Mehnat kodeksining 287-moddasi va Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 2 avgustdagi 424-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi hududida xizmat safarlari to‘g‘risidagi nizom (keyingi o‘rinlarda – Nizom) bilan tartibga solinadi.
Mehnat kodeksining 287-moddasiga muvofiq, xizmat safariga yuborilgan taqdirda ish beruvchi xodimga quyidagilarni qoplashi shart:
- yo‘lkira xarajatlari;
- turar joy ijarasi xarajatlari;
- doimiy yashash joyidan tashqarida yashash bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlar (sutkalik);
- xodim tomonidan ish beruvchining ruxsati yoki roziligi bilan qilingan boshqa xarajatlar.
Mehnat kodeksida xizmat safarlari bilan bog‘liq xarajatlarning o‘rnini qoplash miqdorlari jamoa shartnomasi yoki ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda qabul qilingan ichki hujjat bilan belgilanishi aytilgan. Bunda xarajatlar o‘rnini qoplash miqdori budjetdan moliyalashtiriladigan tashkilotlar uchun Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan miqdorlardan kam bo‘lishi mumkin emas (287-m. 3-q).
Nizomga muvofiq, uning qoidalari budjet tashkilotlari, davlat maqsadli jamg‘armalari, budjet tizimi budjetlaridan mablag‘ ajratiladigan belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamg‘armalar, ustav fondida davlat ulushi 50% va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslardan tashqari barcha tashkilotlar va tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan tavsiyaviy xususiyatga ega.
Demak, davlat tashkilotlari uchun ushbu Nizom normalari majburiy hisoblanadi.
1. Sutkalik xarajatlar:
Nizomga ko‘ra, xizmat safarida bo‘lgan vaqt uchun to‘lanadigan kundalik xarajatlar (sutkalik xarajatlar) — xizmat safarida bo‘lgan vaqtda kunlik ovqatlanish, xizmat safari paytidagi vazifalarni bajarish bilan bog‘liq boshqa kundalik xarajatlardir (transport vositalari va turar joy bilan bog‘liq xarajatlar bundan mustasno) (2-b. 4-xatb.).
Demak, kundalik xarajatlar uchun haq jamoa shartnomalari, jamoa kelishuvlari va mehnat shartnomalarida ko‘zda tutilgan miqdorlarda, lekin quyidagi miqdorlardan kam bo‘lmagan holda belgilanadi (BHMga nisbatan koeffitsientlarda) (Nizomning 16-b.), jami 0,35 gacha, Bunda:
- xodimning xizmat safari davrida ovqatlanish (alkogol va tamaki mahsulotlari bundan mustasno) xarajatlarini tasdiqlovchi hujjatlar (cheklar) taqdim etilganda — 0,25 gacha;
- boshqa xarajatlari uchun — 0,1.
Shunga ko‘ra, 2026 yil 16 mart holatiga BHM 412 000 so‘mni tashkil etganligini inobatga olgan holda, xodimga to‘lanishi lozim bo‘lgan sutkalik xarajatlar (0,35 * 412 000 so‘m) 144 200 so‘mgacha bo‘lishi kerak.
Nizomning 17-bandiga asosan, xodimlarning ovqatlanish xarajatlari uchun kompensatsiya to‘lovini amalga oshiruvchi budjet tashkilotlarida, ushbu xodimning xizmat safari davrida kunlik ovqatlanish xarajatlari ana shu davr uchun ovqatlanish xarajatlari uchun kompensatsiya to‘lovi miqdoriga kamaytirilgan holda hisoblanadi. Ammo, bu sutkalik xarajatlarning 0,1 qismini tashkil etuvchi “boshqa xarajatlar”ni qoplamaslik uchun asos bo‘la olmaydi. Bundan tashqari, to‘lanayotgan ovqat puli 412 000 so‘m bo‘lsa ham, bu oylik to‘lov hisoblanib, xizmat safariga yuborilgan kunlar uchun alohida hisoblanishi kerak.
2. Turar joy xarajatlari:
Nizomning 13-bandiga ko‘ra, xizmat safariga yuborilgan xodimga turar joy bilan bog‘liq xarajatlar (mehmonxona yoki turar joy ijarasi) qoplanadi.
Shuningdek, turar joyda yashaganligi bo‘yicha xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lmagan hollarda har bir sutka uchun belgilangan BHMning 20 foizi miqdorida qoplanadi (Nizomning 19-b.).
Agar tasdiqlovchi hujjatlar (masalan, mehmonxona cheki yoki turar joy ijarasi uchun to‘lov hujjatlari) mavjud bo‘lsa, u holda turar joy xarajatlari Nizomning 18-bandida belgilangan normalar doirasida qoplanadi.
Demak, turar joy xarajatlarini tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lmagan taqdirda ham, xodimga har bir sutka uchun (0,20 * 412 000 so‘m) 82 400 so‘m miqdorida qoplanishi kerak.
3. Yo‘lkira xarajatlari:
Nizomning 14-bandiga ko‘ra, xizmat safariga yuborilgan shaxsga xizmat safariga yuborilgan joyga borish va doimiy ish joyiga qaytish bilan bog‘liq bo‘lgan yo‘l xarajatlari qoplanadi. Xususan, yo‘l hujjatlari mavjud bo‘lmaganda, budjet tashkilotlari xodimlari uchun xizmat safari yo‘lkirasiga haq har bir kilometrga BHMning 0,1 foizi miqdorida to‘lanadi (Nizom 14-b. “z” kichik bandi).
Demak, Nukus shahri markazidan 70–80 km masofadagi tumanlarga xizmat safariga yuborilgan xodimlarga yo‘l xarajatlari umumiy foydalaniladigan transportning barcha turlarida yurish qiymati asosida tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lgan taqdirda qoplanadi (Nizomning 14-b. “a” kichik bandi). Qoplash miqdori xodimning toifasiga qarab farqlanishi mumkin.
Agar tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lmasa, har bir kilometrga BHMning 0,1 foizi miqdorida (0,001 * 412 000 so‘m = 412 so‘m/km) hisoblanadi. 70-80 km masofa uchun bu 28 840 so‘mdan 32 960 so‘mgacha (ikki tomonga) bo‘lishi mumkin.
Misol:
Xodim Nukus shahridan 70 km uzoqlikdagi tumanga 2 kunlik xizmat safariga yuborilgan.
Sutkalik xarajatlar: 2 kun * 144 200 so‘m/kun = 288 400 so‘m (agar ovqatlanish cheklari bo‘lmasa yoki alohida ovqat puli to‘lanmasa).
Turar joy xarajatlari: (tasdiqlovchi hujjatlarsiz) 2 kun * 82 400 so‘m/kun = 164 800 so‘m.
Yo‘lkira xarajatlari: (tasdiqlovchi hujjatlarsiz, 70 km ikki tomonga) 140 km * 412 so‘m/km = 57 680 so‘m.
Jami qoplanishi lozim bo‘lgan minimal xarajatlar: 510 880 so‘m.
Misoldagi hisob-kitoblar xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lmagan holatlarga taalluqli va xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlaringiz bo‘lganda, tegishincha bu summa ko‘proq bo‘lishi mumkin.
Nizomning 20-bandiga ko‘ra, agar xizmat safariga yuborilgan xodim o‘zining doimiy ish joyiga har kuni qaytish imkoniyatiga ega bo‘lsa, u holda kundalik xarajatlar uchun haq to‘lanmaydi. Xodimning xizmat safariga yuborilgan joydan o‘zining doimiy yashaydigan joyiga har kuni qaytishi mumkinligi masalasi xizmat safariga yuborgan tashkilot rahbari tomonidan masofaning uzoqligi, transport aloqasi sharoitlari, bajariladigan topshiriqning turi, xodim uchun dam olish sharoitlarini yaratish kabilarni hisobga olgan holda hal etiladi.
Agar tashkilot rahbari xodim har kuni qaytishi mumkin deb qaror qilsa, unda sutkalik xarajatlar to‘lanmaydi.

Paraxat Kojametov
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Adliya vazirligi sho‘ba boshlig‘i,
Kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi