Янгиликлар
31
FHDY bo`limlarida farzandlikka olish tartibi qanday?
FHDY bo`limlarida farzandlikka olish tartibi qanday?
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-oktabrdagi 550-son qaroriga asosan Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalarining 3-bo`limida quyidagicha ko`rsatilib o`tilgan:
Farzandlikka olish haqida o‘zgartirishlar kiritish sudning hal qiluv qarori asosida tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvini qayd etgan FHDY organida, farzandlikka olingan bolaning tug‘ilgan joyi o‘zgartirilganda esa — hal qiluv qarorida ko‘rsatilgan joydagi FHDY organida, hal qiluv qarorida ko‘rsatilmagan bo‘lsa, farzandlikka oluvchilarning doimiy (vaqtincha) ro‘yxatdan o‘tgan joyidan qat’i nazar, FHDY organi tomonidan amalga oshiriladi.
Farzandlikka olinayotgan bolaning tug‘ilganligi to‘g‘risidagi yozuvlar daftariga zarur o‘zgartirishlar FHDY organlari tomonidan, farzandlikka olish to‘g‘risidagi sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab o‘n kun mobaynida kiritiladi. FHDY organiga ko‘rsatib o‘tilgan muddat tugagandan keyin murojaat qilingan taqdirda, sud qarorida ushbu qaror o‘z kuchini yo‘qotmaganligi haqida yozuv bo‘lishi kerak.
Farzandlikka olishni rasmiylashtirishda FHDY organiga:
sudning qonuniy kuchga kirgan farzandlikka olish haqidagi qaroridan ko‘chirma;
farzandlikka olinayotgan bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi;
farzandlikka oluvchi(lar)ning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etiladi.
63. Sudning hal qiluv qarori kelib tushgan vaqtiga ko‘ra maxsus daftarda qayd etiladi va alohida yig‘majildga xronologik tartibda tikib qo‘yiladi.
FHDY organi sudning hal qiluv qarori va farzandlikka oluvchilarning hujjatlari asosida tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga tegishli o‘zgartirishlarni kiritadi, tug‘ilganlik haqidagi yangi guvohnoma va, zarur bo‘lganda, farzandlikka olinganligi haqida ma’lumotnoma beradi.
Agar sudning hal qiluv qarorida 10 yoshgacha bo‘lgan bolaning tug‘ilgan joyi respublika doirasida o‘zgartirilgan bo‘lsa, u holda hal qiluv qarorida ko‘rsatilgan joydagi FHDY organida, hal qiluv qarorida ko‘rsatilmagan bo‘lsa farzandlikka oluvchilar murojaat qilgan FHDY organi tomonidan tiklangan dalolatnoma yozuvi qayd etiladi.
Bunda, dalolatnoma yozuvini qayd qilgan FHDY organiga dalolatnoma yozuviga o‘zgartirish kiritish uchun elektron axborot tizimi orqali so‘rovnoma yuboriladi va dastlabki dalolatnoma yozuvini qayd qilgan FHDY organi dalolatnoma yozuvini so‘rov yuborgan FHDY organiga “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali yuboradi.
Farzandlikka oluvchilar murojaat qilgan FHDY organi dastlabki dalolatnoma yozuvi qayd etilgan FHDY organi va hududiy adliya organlarining FHDY arxiviga (dalolatnoma yozuvi bir nusxada qayd etilgan holatlar bundan mustasno) uni bekor qilish haqida “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali xabarnoma yuboradi.
Farzandlikka olishni sir saqlash maqsadida farzandlikka olish uchun hujjatlar farzandlikka oluvchilarning vakillari tomonidan, qonunchilikda belgilangan tartibda FHDY organiga taqdim etilishi mumkin.
Agar farzandlikka olish bekor qilinsa u holda tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga “Farzandlikka olish ___________ sudining ______ yil _________ oy __ kundagi qarori bilan bekor qilindi” deb yoziladi va dalolatnoma yozuvidagi dastlabki ma’lumotlar tiklanadi hamda tug‘ilganlik haqidagi yangi guvohnoma beriladi.
FHDY organi dalolatnoma yozuvining ikkinchi nusxasiga (dalolatnoma yozuvi bir nusxada qayd etilgan holatlar bundan mustasno) tegishli o‘zgartirishlar kiritish uchun hududiy adliya organlarining FHDY arxiviga xabarnoma yuboradi.
Qo`ng`irot tumani adliya bo`limi
2-sonli FHDY bo`limi mudirasi
Musayeva Juparxan Imanbayevna