Янгиликлар
31
OILADA MULK HUQUQI: QONUNIY ASOS VA AMALIY TARTIBOT
OILADA MULK HUQUQI: QONUNIY ASOS VA AMALIY TARTIBOT
Mamlakatimizda xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash, oilaviy munosabatlarda qonuniylikni mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, ota-ona va bolalar o‘rtasidagi mulkiy munosabatlarni aniq huquqiy me’yorlar asosida tartibga solish jamiyat barqarorligi va huquqiy ong yuksalishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Mulk huquqi – moddiy ne’matlarning muayyan shaxslarga tegishliligini mustahkamlovchi, tartibga soluvchi va muhofaza qiluvchi normalar yig‘indisi bo‘lib, fuqarolik huquqining asosiy institutlaridan biri sanaladi. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, mulk huquqi shaxsning o‘ziga qarashli mol-mulkka o‘z xohishi va manfaatlaridan kelib chiqib egalik qilish, undan foydalanish va tasarruf etish, shuningdek, mulk huquqining har qanday buzilishini bartaraf etishni talab qilish huquqini o‘z ichiga oladi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 36-moddasida belgilanganidek, “har bir shaxs mulkdor bo‘lishga haqli”. Shu asosda mamlakat iqtisodiyotining negizi xilma-xil shakllardagi mulkdan tashkil topgan.
Oilaviy munosabatlarda mulk huquqi O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksi bilan ham tartibga solinadi. Jumladan, Kodeksning 90-moddasiga muvofiq, ota-ona hayotligida bolalar ularning mol-mulkiga nisbatan mulkdor bo‘lish huquqiga ega emas. Shuningdek, ota-ona ham voyaga yetmagan bolalarning mol-mulkiga nisbatan mulkdor hisoblanmaydi. Ota-ona va bolalar o‘rtasidagi umumiy mol-mulkka bo‘lgan mulk huquqi esa Fuqarolik kodeksi normalari asosida belgilanadi.
Qonunchilikka ko‘ra, voyaga yetmagan bolalar o‘z ota-onasidan hamda boshqa shaxslardan qonunda nazarda tutilgan miqdor va tartibda ta’minot olish huquqiga ega. Bolalar ta’minoti uchun ajratilgan mablag‘lar, pensiya va nafaqalar ota yoki ona tasarrufida bo‘lib, ular bolaning ta’minoti, tarbiyasi va ta’lim olishi uchun sarflanishi shart. Voyaga yetmagan bolalar mol-mulkini tasarruf etish bilan bog‘liq vakolatlar amalga oshirilayotganda fuqarolik qonunchiligida belgilangan qoidalar qo‘llaniladi.
Xulosa qilib aytganda, oilada mulk huquqini aniq belgilash va qonuniy tartibda amalga oshirish nafaqat shaxsiy manfaatlarni himoya qiladi, balki jamiyatda adolat va barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Rohatoy Polvanova,
Amudaryo tumani FHDYO bo‘limi 2-toifali inspektori