Янгиликлар
30
Kredit bitimini tuzishga taqiq qo‘yish yoki taqiqni olib tashlash xizmati
So‘ngi yillarda fuqarolar nomidan ularning roziligisiz kredit rasmiylashtirish holatlarini oldini olish muhim masalaga aylandi. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasida fuqaro o‘z nomiga kredit bitimi tuzilishini cheklash yoki ushbu taqiqni bekor qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan mexanizm joriy etildi. Ushbu tizim fuqarolarning moliyaviy xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Kredit bitimini tuzishga taqiq qo‘yish — bu jismoniy shaxsning o‘z nomiga kredit shartnomasi tuzilishini vaqtincha cheklash imkonini beradi. Fuqaro bunday taqiqni qo‘yish orqali banklar va boshqa kredit tashkilotlari tomonidan uning nomiga kredit ajratilishining oldini oladi. Ushbu xizmat O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 20-avgustdagi 522-son qarori asosida ko‘rsatiladi. Taqiq qo‘yish yoki uni olib tashlash uchun fuqarolar 3 ta uslubda, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, davlat xizmatlari markazlari yoki kredit byurolari orqali xizmatdan foydalanishlari mumkin. Xizmatdan foydalanilganda, fuqaro ma’lumotlari kredit bitimi tuzish taqiqlangan shaxslar reyestriga kiritiladi. Banklar va boshqa kredit tashkilotlari kredit ajratishdan oldin ushbu reyestrni tekshiradi. Agar shaxs reyestrda mavjud bo‘lsa, unga kredit berish taqiqlanadi. Fuqaro istagan vaqtda yana ushbu xizmat orqali ushbu taqiqni bekor qilishi mumkin. Taqiq olib tashlangandan so‘ng u kredit shartnomalarini tuzish huquqiga ega bo‘ladi.
Kredit bitimini tuzishga taqiq qo‘yish tizimi fuqarolarni moliyaviy firibgarlikdan himoya qiladi va ularning shaxsiy ma’lumotlaridan noqonuniy foydalanishning oldini oladi. Ushbu mexanizm bank-moliya tizimida shaffoflikni oshirish va fuqarolarning huquqlarini himoya qilishda muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.
Ellikqal’a tumani adliya bo’limi
Davlat xizmatlari markazi mutaxassislari J.Allabergenov