Янгиликлар
30
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi yangilandi
Prezidentning 16.02.2026 yildagi "Mamlakat taraqqiyotining 2030 yilgacha mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g'risida"gi PF-21-son Farmoni qabul qilindi.
Eslatib o‘tamiz, "O‘zbekiston - 2030" strategiyasida (11.09.2023 y.) mamlakatni o‘rta muddatli istiqbolda rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, maqsadlari, shuningdek, ularga erishish samaradorligi ko‘rsatkichlari belgilangan. Uning zamonaviy umumjahon tendentsiyalari, global o‘zgarishlar va yangi chaqiriqlar bilan uyg'unligini ta'minlash uchun hujjatda quyidagilar zarurligi belgilangan:
"O‘zbekiston – 2030" strategiyasi doirasida erishilgan yutuqlar va mavjud muammolarni hisobga olgan holda real sharoitlarga mos keladigan, o‘lchanadigan va baholanadigan samaradorlik ko‘rsatkichlarini belgilash;
o‘rta muddatli istiqbolga mo‘ljallangan maqsadlarning samaradorlik ko‘rsatkichlarini yangilash;
Strategiya maqsadlariga erishish monitoringini to‘liq raqamlashtirish;
soha, tarmoq va hududlarni rivojlantirish bo‘yicha strategik rejalashtirish hujjatlarini "O‘zbekiston – 2030" strategiyasiga muvofiqlashtirish.
Quyidagilar tasdiqlandi:
• 2023-2025 yillarda erishilgan samaradorlik ko‘rsatkichlari va o‘tkazilgan baholash natijalari asosida yangilangan 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan "O‘zbekiston – 2030" strategiyasi;
• "O‘zbekiston – 2030" strategiyasi maqsadlarining samaradorlik ko‘rsatkichlarini shakllantirishning axborot manbalari;
"O‘zbekiston – 2030" strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha respublika komissiyasi tarkibi.
"O‘zbekiston – 2030" strategiyasi maqsadlarining samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishish monitoringi Strategik rejalashtirish va rivojlanishning raqamli platformasida yillar kesimida ortib borish tamoyili asosida olib borilmoqda.
Samaradorlikning maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish holati quyidagi toifalarga bo‘linadi:
• "yashil" – tegishli samaradorlik ko‘rsatkichlariga o‘z vaqtida va to‘liq erishish;
• "sariq"– tegishli samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishishda qoloqliklar mavjud, biroq ularni bartaraf etish imkoniyati mavjud;
• "qizil" – samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishishda jiddiy ortda qolishlar mavjud yoki ularga umuman erishilmagan.
Bunda:
• "yashil" toifaga kiritilgan samaradorlik ko‘rsatkichlari uchun mas’ul bo‘lgan idoralarga nisbatan rag'batlantirish choralari qo‘llaniladi;
• "sariq" toifaga kiritilgan samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishishda mavjud qoloqlik sabablari bo‘yicha tahlil o‘tkaziladi va ularni bartaraf etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan tegishli idoraga zarur choralar ko‘rish to‘g'risida ko‘rsatma beriladi;
• "qizil" toifaga kiritilgan samaradorlik ko‘rsatkichlari uchun mas’ul idoralar faoliyati Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisida tanqidiy ko‘rib chiqilishi lozim.
Hujjat bilan quyidagi ro‘yxatlar tasdiqlandi:
• "O‘zbekiston – 2030" strategiyasi doirasida 2026 yilda ishlab chiqiladigan, shuningdek, yangi tahrirda ishlab chiqiladigan strategik rejalashtirish hujjatlari loyihalari;
• "O‘zbekiston – 2030" strategiyasining maqsadlari va samaradorlik ko‘rsatkichlariga muvofiq qayta ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan kontseptsiyalar va strategiyalar.
Kelgusida tahliliy markazlar va ilmiy-tadqiqot muassasalari strategik rejalashtirish hujjatlari loyihalarini ilmiy asoslanganligi bo‘yicha kompleks tahlil qiladi, shuningdek, sohalar, tarmoqlar va hududlarning tizimli muammolari, xavf-xatarlari va o‘sish nuqtalarini aniqlaydi.
Xo‘jayli tumani
adliya bo‘limi boshlig‘i A.Shabatov