Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

27

O‘zbekiston Respublikasining Oliy sudi Plenumining 2025 yil 24 noyabr kungi «Sudlar tomonidan shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa nomoddiy ne’matlarni himoya qilish to‘g'risidagi qonunchilikni qo‘llash amaliyoti haqida»gi 21-son Qarorining ahamiyati


Annotatsiya: mazkur Plenum qarorining mazmun-mohiyati, birinchi marta shaxsiy nomulkiy huquqlar ob’ektlarining kengaytirilgan tushunchasi shakllantirilgani alohida ahamiyatga ega. Bu tushuncha nafaqat shaxsning sha'ni, qadr-qimmat va ishchanlik obro‘sini, balki shaxsiy hayot daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy sir, ismga bo‘lgan huquq, tasvirga bo‘lgan huquq hamda insonga tug'ilganidan yoki qonunga ko‘ra, tegishli bo‘lgan boshqa nomoddiy ne’matlar kabi zamonaviy toifalarni ham o‘z ichiga olgan.
Tayanch so‘zlar: Konstitutsiya, fuqarolik Kodeksi, qonunlar, majburiyat, manbalar, vazifalari, inson-jamiyat-davlat, demokratiya umuminsoniy printsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha'ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlari oliy qadriyat, yaqin qarindosh(lar), aloqador shaxslar, shakllari.
Ushbu Plenum Qaror bilan «shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa nomoddiy ne’matlar» tushunchasi yoritilib, har bitta asos bo‘yicha alohida tushuntirishlar berilmoqda.
Masalan, Qarorining 2-bandida shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa nomoddiy ne’matlar shaxsning hayoti va sog'lig'i, shaxsiy daxlsizligi, shaxsiy hayot daxlsizligi, xususiy va oilaviy sir saqlash huquqi, ism (nom)ga bo‘lgan huquqi, tasvirga bo‘lgan huquqi, shaxsga doir ma'lumotlarni himoya qilish huquqi, mualliflik huquqi, shu jumladan intellektual faoliyat sohasidagi huquqlar, sha'ni va qadr-qimmati, ishchanlik obro‘si, boshqa shaxsiy nomulkiy huquqlar va tug'ilganidan boshlab yoki qonunga muvofiq shaxsga tegishli bo‘lgan boshqa nomoddiy ne’matlar tushunilishi keltirilgan.
Ushbu huquqlarning buzilishi mulkiy oqibatlarga olib kelishidan qat’i nazar, sud orqali himoya qilinishi mumkin va ularni cheklash faqat qonunlarda belgilangan holatlardagina yo‘l qo‘yilishi ham nazarda tutilgan.
Qarorining 3-bandida shaxsning shaxsiy nomulkiy huquqlaridan birining buzilishi ularni himoya qilish uchun sudga murojaat qilishga asos bo‘ladi. Shuningdek, ushbu bandda sud himoyasining shakli va usuli bo‘yicha tushuntirishlar berilmoqda. Sud himoyasining shakli va usuli – buzilgan huquqni tan olish; buzilishdan oldingi holatni tiklash; keyingi g'ayriqonuniy xatti-harakatlarni, jumladan, shaxsning roziligisiz axborot, tasvirlar, shaxsiy ma'lumotlardan foydalanishni, ularni tarqatishni taqiqlash; huquqni buzuvchi axborotlarni o‘chirish, yo‘q qilish yoki bloklash, moddiy va ma'naviy zarar uchun tovon undirish hamda qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa choralardan iborat.
Qarorning 8-bandida sudlarning e’tibori:
•hayot va sog'liqqa bo‘lgan huquq Konstitutsiya, fuqarolik qonunchiligi, jinoiy va ma'muriy qonunchilik, shuningdek, xalqaro shartnomalar bilan himoyalanadigan asosiy va mutlaq shaxsiy nomulkiy huquqlar sirasiga kirishi;
•bu huquqning buzilishi zo‘ravonlik, o‘z joniga qasd qilishga undash, tan jarohati etkazish kabi faol g'ayriqonuniy harakatlar shaklida ham, sog'liqqa zarar etkazilishiga olib kelgan g'ayriqonuniy harakatsizlik, masalan, tibbiy yordam ko‘rsatishni rad etish shaklida ham namoyon bo‘lishi mumkinligi;
•mazkur huquqni himoya qilish moddiy va ma'naviy zarar uchun javobgarlik yuklash, aralashuvning qonunga xilofligini tan olish, shuningdek, buzilgan huquqni tiklashga qaratilgan boshqa choralarni qo‘llash orqali ta'minlanishi;
•bunda harakatlar bilan etkazilgan salbiy oqibatlar o‘rtasidagi sababiy bog'lanish bor-yo‘qligi aniqlanishi shartligiga qaratilgan.
Shuningdek, xususiy va oilaviy sirga bo‘lgan huquq shaxsiy munosabatlar haqidagi maxfiy ma'lumotlarni, jumladan, nikoh, farzandlar, farzandlikka olish, tibbiy va fuqaro hayotining shaxsiy sohasini tashkil etuvchi boshqa holatlar to‘g'risidagi axborotlarni himoya qilishni o‘z ichiga oladi. Bunday aralashuvga faqat qonun asosida yoki shaxsning ixtiyoriy ravishda bergan roziligi bilangina yo‘l qo‘yiladi.
Shu munosabat bilan qarorning 10-bandida:
birinchidan, shaxsning roziligisiz yoki bunday rozilik berilgan maqsadlardan tashqari ko‘rsatilgan ma'lumotlarni noqonuniy yig'ish, tarqatish, e’lon qilish yoki ulardan foydalanish – huquqni buzish deb tan olinishi;
ikkinchidan, bolalar va oilaviy munosabatlar haqidagi ma'lumotlarning oshkor etilishi – sha'n, qadr-qimmat, obro‘ va boshqa shaxsiy huquqlarga jiddiy zarar etkazish deb baholanishi;
uchinchidan, bunday ma'lumotlar alohida himoya qilinishi lozimligi haqida tushuntirishlar berilmoqda.
Plenum qarorida axborot-kommunikatsiya makonidagi qoidabuzarliklar, xususan, shaxsiy nomulkiy huquqlarning ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar, platformalar va bloglar orqali ma'lumotlarni tarqatish yo‘li bilan buzilishiga oid sud himoyasining eng muhim jihatlari qamrab olingan.
Qarorning 12-bandi esa shaxs qadr-qimmati va shaxsiy hayot daxlsizligi bilan uzviy bog'liq bo‘lgan eng muhim shaxsiy nomulkiy huquq sifatida tasvirga bo‘lgan huquqni himoya qilishga zamonaviy yondashuv aks ettirilgan.
Ushbu bandda qonunda to‘g'ridan-to‘g'ri ko‘rsatilgan hollardan tashqari, inson tasviridan – u fotosurat, video, raqamli model yoki boshqa vizual ko‘rinish bo‘lishidan qat’i nazar – foydalanish faqat o‘sha shaxsning roziligi bilan amalga oshirilishi mumkinligi ta'kidlanadi.
Sud himoyasi shakllari izchil tarzda tushuntirilgan bo‘lib, ular harakatlarni qonunga xilof deb topish, tasvirlarni o‘chirish yoki bloklash, ulardan keyinchalik foydalanishni man etish, shuningdek, moddiy va ma'naviy zararni qoplashni o‘z ichiga oladi.
Bundan tashqari qarorning 23, 24 va 25-bandlarida Fuqarolik kodeksining 163-moddasiga asosan, shaxsiy nomulkiy huquqlarni va boshqa nomoddiy boyliklarni himoya qilish haqidagi talablarga da'vo muddati tatbiq qilinmasligi, ushbu huquqlarni himoya qilish to‘g'risidagi arizalar sudlarda ko‘rilishi va sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘lgan sub’ektlar haqida tushuntirishlar berilmoqda.
Ilgari mavjud bo‘lgan protsessual yondashuvlar har doim ham fuqarolarga o‘z sha'ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini to‘liq himoya qilish imkonini bermagan. Ayniqsa, obro‘sizlantiruvchi ma'lumotlar anonim tarzda yoki internet tarmoqlari orqali tarqatilganda, aniq qoidabuzarni aniqlash imkonsiz bo‘lgan hollarda, shuningdek, ma'lumot tarqatuvchi shaxs vafot etgan hollarda bu masala yanada murakkablashgan.
Plenum qarorida axborotni tarqatgan shaxsni aniqlash imkoni bo‘lmasa, ya’ni o‘sha axborot anonim xatlar shaklida tarqatilganda, Internet tarmog'ida yoki boshqa axborot-kommunikatsiya tizimlarida joylashtirilganda, agar tarqatish manbasini aniqlash imkonsiz bo‘lsa, shuningdek, axborot tarqatuvchi shaxs vafot etgan hollarda huquqi buzilgan shaxsning tarqatilgan axborot haqiqatga to‘g'ri kelmaydigan ma'lumotlar ekanligi faktini aniqlash haqidagi arizasiga asosan, alohida ish yuritish tartibida ham ko‘rib chiqilishiga yo‘l qo‘yilishi haqida tushuntirishlar berilgan.
Ushbu toifadagi ishlarni ko‘rishda ham Fuqarolik protsessual kodeksining 106-moddasida ko‘rsatilgan da'voni ta'minlash choralariga yo‘l qo‘yiladi.
Shu munosabat bilan qarorning 34-bandida:
•nizoli ma'lumotlarni har qanday shaklda, shu jumladan, Internet tarmog'i va boshqa axborot tarmoqlari orqali tarqatishni vaqtincha taqiqlash;
•da'vogarning huquqlarini buzuvchi ma'lumotlarni o‘z ichiga olgan veb-sahifa, akkaunt yoki boshqa raqamli resursga kirishni to‘sib qo‘yish;
•shaxsiy ma'lumotlarni qayta ishlash, saqlash yoki tarqatishni to‘xtatib turish yoki boshqacha tarzda cheklash kabi holatlar da'voni ta'minlash choralariga kirishi mumkinligi haqida tushuntirishlar berilmoqda.
Bugungi kundagi dolzarb masalaga bag'ishlangan ushbu Plenum qarorining qabul qilinishi sudlar faoliyati uchun o‘ta muhim.
Xulosa qilib aytganda, ushbu Plenum qarorida berilgan tushuntirishlar nafaqat sudlar, balki huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati samaradorligini oshirishga va shaffofligini ta'minlashga ham xizmat qiladi.


Fuqarolik ishlari bo‘yicha
Qo‘ng‘irot tumanlararo sudi sudyasi                                          N.Akimniyazov