Янгиликлар
24
Davlat xizmatlari markazlari faoliyatida yangi qulayliklar joriy etilmoqda
Davlat xizmatlari markazlari faoliyatida yangi qulayliklar joriy etilmoqda
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini modernizatsiya qilish, fuqarolar va tadbirkorlar uchun qulay hamda shaffof xizmatlar yaratish maqsadida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Davlat xizmatlari markazlari ushbu jarayonning muhim bo‘g‘ini bo‘lib, aholi uchun davlat xizmatlarini “bir darcha” tamoyili asosida ko‘rsatishda muhim rol o‘ynab kelmoqda.
Davlat xizmatlari soni bosqichma-bosqich oshirilmoqda - Mamlakatimizda davlat xizmatlari tizimini yanada rivojlantirish maqsadida qabul qilingan hujjatlarga muvofiq, Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar sonini sezilarli darajada oshirish rejalashtirilgan.
Mazkur chora-tadbirlar davlat xizmatlarini soddalashtirish, byurokratik to‘siqlarni kamaytirish hamda aholiga qulay xizmatlar ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
Raqamlashtirish – qulayliklar kaliti - So‘nggi yillarda davlat xizmatlari ko‘rsatishda raqamli texnologiyalar keng joriy etilmoqda. Ko‘plab xizmatlardan onlayn foydalanish imkoniyati yaratilgani fuqarolar uchun vaqt va mablag‘ni tejashga xizmat qilmoqda. Elektron navbat tizimi, QR-kod orqali to‘lov va onlayn ariza topshirish kabi imkoniyatlar xizmat ko‘rsatish jarayonini yanada tez va shaffof qilishga yordam bermoqda.
Shuningdek, “Elektron hukumat” tizimi orqali turli idoralar o‘rtasida ma’lumotlar almashinuvi yo‘lga qo‘yilganligi sababli fuqarolardan ortiqcha hujjatlar talab qilish holatlari ham keskin kamaymoqda.
Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda aholiga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida 120 turdagi ma’lumotnoma va hujjatlarni fuqarolardan talab qilish bekor qilingan. Endilikda ushbu ma’lumotlar davlat organlari tomonidan idoralararo elektron tizimlar orqali olinadi.
Bu esa fuqarolarning turli idoralarga qatnab, ortiqcha vaqt sarflashining oldini olish bilan birga xizmatlarning tez va samarali ko‘rsatilishini ta’minlamoqda.
Davlat xizmatlari markazlarida xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida elektron navbat tizimi, zamonaviy xizmat ko‘rsatish zallari, maslahat berish xizmatlari hamda onlayn platformalar joriy etilgan. Buning natijasida fuqarolar ko‘plab davlat xizmatlaridan qisqa vaqt ichida foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Bundan tashqari, aholining ayrim toifalari — pensionerlar, homilador ayollar hamda kichik yoshdagi bolasi bor fuqarolar uchun xizmat ko‘rsatishda qo‘shimcha qulayliklar yaratilgan.
Bugungi kunda Davlat xizmatlari markazlari fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga tez, shaffof va qulay xizmat ko‘rsatadigan zamonaviy tizimga aylanmoqda. Raqamlashtirish, byurokratik to‘siqlarni qisqartirish hamda xizmatlar sonini ko‘paytirish orqali davlat xizmatlari sifati tobora yaxshilanib bormoqda.
Amudaryo tumani Adliya bo’limi
Davlat xizmatlari markazi bosh mutaxassisi
Xudaybergenova Nafisa Kamalboyevna