Янгиликлар
19
Voyaga yetmaganlarning huquqlari va davlat kafolatlari
O‘zbekistonda bolalar huquqlarini himoya qilish tizimi nafaqat milliy qonunchilik (Konstitutsiya, Oila kodeksi), balki xalqaro me’yorlar (BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi) asosida ham mustahkamlab qo‘yilgan. Yashash va oila muhitida bo‘lish huquqi. Har bir bola tug‘ilganidan boshlab yashash, ism olish va fuqarolikka ega bo‘lish huquqiga ega. Eng asosiysi, har bir voyaga yetmagan bola oilada yashash va ota-onasi tomonidan tarbiyalanish huquqiga ega. Agar bola ota-onasidan alohida yashasa ham (masalan, ajrim holatlarida), u har ikki tomon bilan erkin muloqot qilish huquqini saqlab qoladi.
Ta’lim va sog‘liqni saqlash. Davlat har bir voyaga yetmagan shaxsga: Bepul umumiy ta’lim olishni kafolatlaydi. Sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish imkonini beradi.Ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar bolaning ta’lim olishi va uning sog‘lom o‘sishi uchun mas’ul hisoblanadilar. Mehnat huquqlari va ekspluatatsiyadan himoyalanish Voyaga yetmaganlar mehnatiga oid qonunchilik juda qat’iy. O‘zbekistonda bolalarni majburiy mehnatga jalb qilish qat’iyan man etiladi. Ishga qabul qilishning minimal yoshi 16 yosh etib belgilangan (ayrim hollarda ota-onasi roziligi bilan 15 yoshdan). Voyaga yetmaganlar uchun qisqartirilgan ish vaqti va og‘ir mehnat sharoitlaridan himoya ko‘zda tutilgan.
Har bir bola jismoniy va ruhiy zo‘ravonlikdan, haqoratlanishdan hamda g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlardan himoyalanish huquqiga ega. Oxirgi qonunchilikdagi o‘zgarishlarga ko‘ra, bolalarga nisbatan har qanday shakldagi tazyiq uchun javobgarlik choralari kuchaytirilgan.
Voyaga yetmaganlarning huquqiy maqomi.Agar voyaga yetmagan shaxs qonunbuzarlik sodir etsa, unga nisbatan maxsus huquqiy tartib qo‘llaniladi. Sud jarayonlarida albatta himoyachi va psixolog ishtirok etishi, jazoni belgilashda esa uning yoshi va tarbiyasi inobatga olinishi shart. Asosiy maqsad — jazolash emas, balki bolani to‘g‘ri yo‘lga qaytarish va qayta tarbiyalashdir.
Voyaga yetmaganlarning huquqlarini ta’minlash nafaqat davlatning, balki har bir fuqaroning burchidir. Bolalarga yaratilgan bugungi sharoit — millatning ertangi salohiyatini belgilab beradi.
Ellikqal’a tumani adliya bo’limi
FHDY bo’limi 1-toifali inspektori F.Jumaniyazov