Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

10

Zoʻravonlikdan jabrlangan bolalarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatishning yangi tartibi belgilandi


Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 12 fevraldagi 48-son qarori bilan zoʻravonlikdan jabrlangan, zoʻravonlik xavfi ostida boʻlgan hamda ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda boʻlgan bolalar va ularning oilalariga ijtimoiy xizmat ko‘rsatishning yangi tizimi joriy etildi.
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 24 dekabrdagi PF–256-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2026–2030 yillarda bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasi ijrosini ta’minlashga qaratilgan.
Integratsiya markazi tashkil etiladi
Strategiyaga muvofiq davlat muassasasi shaklida Bolalarni qoʻllab-quvvatlash va ijtimoiy integratsiya qilish markazi hamda uning Samarqand, Fargʻona, Xorazm va Buxoro viloyatlarida hududiy bo‘linmalari tashkil etiladi.
Markazning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
•    zoʻravonlikdan jabrlangan bolalarni jamiyatga integratsiya qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
•    bolalarning psixoemotsional holatini barqarorlashtirishga qaratilgan ijtimoiy va psixososial xizmatlarni tashkil etish;
•    ota-onalarga psixologik va pedagogik yordam ko‘rsatish;
•    “Mehrli oila” xizmatini yo‘lga qo‘yish va mutaxassislarni tayyorlash;
•    ijtimoiy reabilitatsiya bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar malakasini oshirish;
•    tadbirkorlar va yuridik shaxslarni ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish jarayoniga jalb qilish.
Mazkur  tartib 2026 yil 1 martdan kuchga kiradi
2026 yil 1 martdan boshlab ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar va ularning oilalari bilan ishlashning yangi mexanizmi joriy etiladi.
Bolalar va ularning ota-onalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar dastlabki baholash natijalari bilan birga Integratsiya markaziga yoki uning hududiy bo‘linmalariga yuboriladi.
Ijtimoiy xizmatlar va subsidiya tartibi
Yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslar qisqa muddatli, uzoq muddatli hamda 24 soatlik ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatishi mumkin. Xizmatlar har bir bola uchun individual tarzda tashkil etiladi.
Bunda:
•    har bir xizmat soati uchun BHMning 12 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi;
•    viloyat markazlari va Nukus shahrida — 1,1 koeffitsiyent;
•    Toshkent shahrida — 1,3 koeffitsiyent qo‘llaniladi;
•    7 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun 24 soatlik xizmatga kuniga BHMning 27 foizi;
•    7 yoshdan katta bolalar uchun esa BHMning 33 foizi miqdorida subsidiya to‘lanadi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar va ularning oilalari holati har oy “Inson” ijtimoiy yordam markazi tomonidan monitoring qilinadi.
Mazkur tartib bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilish, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash hamda jamiyatga ijtimoiy moslashuvini kuchaytirishga xizmat qiladi.


Amudaryo tumani adliya bo’limi
YXKM bosh yuriskonsulti                                                             J.O.Avezov