Янгиликлар
05
Yangi Mehnat kodeksidagi homilador ayollar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari
Yangi Mehnat kodeksidagi homilador ayollar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari
2023-yil 30-apreldan kuchga kirgan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining (keyingi o‘rinlarda – Kodeks) 392-moddasiga ko‘ra, homiladorligi yoki farzandi borligi bilan bog‘liq sabablarga ko‘ra ishga qabul qilishni rad etish yoki mehnatga haq to‘lash miqdorini kamaytirish taqiqlanadi.
Ish beruvchi ishga qabul qilishni rad etgan taqdirda, rad etish sabablarining ishga qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxs tomonidan imzolangan yozma asosini homilador ayol yoki farzandlari bor shaxs talabiga ko‘ra 3 kun ichida taqdim etishi shart. Ishga qabul qilishni rad etish sabablarining yozma asosini taqdim etmaganlik ishga qabul qilishni rad etganlik ustidan shikoyat qilishga monelik qilmaydi.
Homilador ayollar va 3 yoshgacha bolasi bo‘lgan xodimlar uchun kafolatlar berishni nazarda tutadigan talablarga rioya qilmasdan ish beruvchining tashabbusi ya’ni Kodeksning 161-moddasiga ko‘ra bekor qilish taqiqlanadi. Biroq ushbu taqiq tashkilot o‘z muassislarining (ishtirokchilarining) yoki ta’sis hujjatlari bilan bunga vakolat berilgan yuridik shaxs organining qaroriga binoan tugatilganligi munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda yoxud yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan faoliyat tugatilganda qo‘llanilmaydi.
Shuningdek, Kodeksning 408-moddasi 1-qismiga ko‘ra, homilador ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan tashkilot tugatilgan yoki yakka tartibdagi tadbirkorning ish faoliyati tugatilgan hollar mustasno.
Kodeksning 408-moddasiga ko‘ra, ayolning homiladorligi davrida muddatli mehnat shartnomasining muddati tugagan taqdirda, ish beruvchi ayolning yozma arizasiga binoan va homiladorlik holatini tasdiqlovchi tibbiy ma’lumotnoma taqdim etilgan taqdirda, mehnat shartnomasining amal qilish muddatini homiladorlik tugaguniga qadar, unga homiladorlik va tug‘ish ta’tili berilgan taqdirda esa bunday ta’tilning oxiriga qadar uzaytirishi shart. Mehnat shartnomasi homiladorlikning oxiriga qadar uzaytirilgan ayol, ish beruvchining so‘roviga binoan, lekin 3 oyda ko‘pi bilan bir marta homiladorlik holatini tasdiqlovchi tibbiy ma’lumotnoma taqdim etishi shart. Agar bunda ayol homiladorlik tugaganidan keyin haqiqatda ishlashni davom ettirsa, ish beruvchi homiladorlikning tugaganligi faktini bilgan yoki bilishi kerak bo‘lgan kundan e’tiboran bir hafta ichida mehnat shartnomasini uning muddati tugaganligi sababli bekor qilishga haqli.
Ayol bilan tuzilgan mehnat shartnomasining muddati tugaganligi munosabati bilan ushbu shartnomani uning homiladorligi davrida bekor qilishga, agar mehnat shartnomasi yo‘q bo‘lgan xodimning majburiyatlarini bajarish vaqtiga tuzilgan bo‘lsa va homiladorlik tugaguniga qadar ayolni ish beruvchida uning sog‘lig‘i holati inobatga olingan holda bajara oladigan boshqa ishga ayolning yozma roziligi bilan o‘tkazish mumkin bo‘lmasa, yo‘l qo‘yiladi.
Homilador ayol bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda ayolning ushbu Kodeks 404-moddasining birinchi qismida ko‘rsatilgan davr uchun homiladorlik va tug‘ish nafaqasini olish huquqi saqlanib qoladi.
Ta’tako‘pir tuman adliya bo‘limi boshlig‘i –
Tajibaev Rustam Baxadirovich