Янгиликлар
02
Prezident murojaatnomasi—davlat xizmatlarini yanada takomillashtirish
Har yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga yo‘llaydigan Murojaatnomasi mamlakat hayotining barcha sohalari, jumladan, davlat xizmatlari tizimi uchun ham muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi. Navbatdagi Murojaatnomada ham aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, byurokratik to‘siqlarni kamaytirish, davlat idoralarini xalqqa yanada yaqinlashtirish masalalari ustuvor yo‘nalish sifatida belgilab berildi.
Murojaatnomada davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish, “fuqaro — davlat idorasi” o‘rtasidagi munosabatlarni soddalashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Bu esa bevosita Davlat xizmatlari markazi faoliyati bilan chambarchas bog‘liqdir. Chunki markazlar orqali aholi davlat xizmatlarini tezkor, shaffof va qulay tarzda olish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘z Murojaatnomasida raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, elektron xizmatlar ulushini oshirish, inson omilini kamaytirish orqali korrupsiyaviy holatlarning oldini olish vazifalarini aniq belgilab berdi. Bugungi kunda Davlat xizmatlari markazlarida ko‘rsatilayotgan xizmatlarning katta qismi elektron shaklga o‘tkazilgani mazkur vazifalarning amaldagi ifodasidir.
Shuningdek, Murojaatnomada aholiga xizmat ko‘rsatish madaniyatini yuksaltirish, har bir davlat xizmatchisi o‘z faoliyatini xalq manfaatlariga xizmat qilish tamoyili asosida tashkil etishi lozimligi ta’kidlandi. Bu talab Davlat xizmatlari markazi xodimlari uchun ham katta mas’uliyat bo‘lib, fuqarolar murojaatlariga hurmat bilan yondashish, ularning muammolarini o‘z vaqtida va qonuniy hal etishni taqozo etadi.
Prezident Murojaatnomasida belgilangan vazifalar ijrosi natijasida davlat xizmatlari tizimi yanada takomillashib, aholi roziligi, ishonch va ochiqlik muhiti mustahkamlanishi shubhasiz. Biz, Davlat xizmatlari markazi xodimlari, Murojaatnomada belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlarni hayotga tatbiq etishda bor bilim va tajribamizni safarbar etib, xalqqa sidqidildan xizmat qilishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz.
Prezident Murojaatnomasi — bu faqatgina strategik hujjat emas, balki har bir davlat xizmatchisi uchun mas’uliyat, mezon va amaliy harakatlarga da’vatdir.
Beruni tumani adliya bo‘limi
DXM bosh mutaxasissi F.R.Abdalov