Янгиликлар
23
Filiallarni ro‘yxatga olish: Tezkor va bepul davlat xizmati
Mamlakatimizda tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash va ma’muriy jarayonlarni soddalashtirish maqsadida yuridik shaxslar filiallarini hisobga olish (chiqarish) tartibi aniq belgilab qo‘yilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 9 fevraldagi 66-son qaroriga muvofiq tasdiqlangan Ma’muriy reglament ushbu jarayonni shaffof va tezkor tarzda amalga oshirish iimkonini beradi. Unga ko‘ra, tadbirkorlik subyekti filial tashkil etgan yoki uni tugatgan taqdirda, o‘n kun muddatda davlat xizmatlari markazini xabardor qilishi shart.
Murojaatni davlat xizmatlari markaziga shaxsan borib yoki elektron tizim orqali amalga oshirish mumkin. Filialni hisobga olish uchun ta’sis yig‘ilishi bayoni hamda filial nizomi elektron shaklda taqdim etiladi.
Muhimi, mazkur davlat xizmati uchun hech qanday to‘lov undirilmaydi.
Ariza davlat xizmatlari markazi tomonidan ikki ish soati davomida ko‘rib chiqiladi. Hujjatlar to‘g‘ri rasmiylashtirilgan bo‘lsa, filial tegishli reyestrga kiritiladi va ariza beruvchiga QR-kodli guvohnoma taqdim etiladi.
Faqat uch holatdagina davlat xizmatini ko‘rsatish rad etilishi mumkin. Bular, vakolatni tasdiqlovchi hujjat taqdim etilmasa, so‘rovnomada noto‘g‘ri ma’lumotlar ko‘rsatilsa yoki zarur hujjatlar to‘liq taqdim etilmasa. Boshqa sabablar bilan rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Qisqacha aytganda, mazkur tartib tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoit yaratib, filiallarni ro‘yxatga olish jarayonini ortiqcha qog‘ozbozliksiz va qisqa muddatda amalga oshirishga xizmat qiladi.
Taxiatosh tumani adliya bo’limi
DXM bo’lim boshlig’i A.Orazimbetov