Янгиликлар
23
Yoshlarni milliy qadriyatlarga sadoqat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash dasturi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-yanvardagi qarori bilan “Uzluksiz ta’lim tizimida yoshlarni milliy qadriyatlarga sadoqat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash samaradorligini oshirish dasturi” tasdiqlandi. Bu dastur orqali mamlakatimiz ta’lim tizimida yagona milliy tarbiya tizimi yaratiladi.
Endi har dushanba kuni barcha ta’lim tashkilotlarida “Kelajak soati” darsi o‘tiladi. Dars ssenariylari va kontentlari esa milliytarbiya.uz platformasida mavjud bo‘ladi. Shuningdek, dastur doirasida O‘zbekistonning Milliy tarbiya modeli ishlab chiqiladi va har yili “Milliy qadriyatlar targ‘ibotchisi” respublika tanlovi o‘tkaziladi.
Dastur uch bosqichda amalga oshiriladi:
• Maktabgacha ta’limda 3-6 yoshdagi bolalarda milliy o‘zlik tuyg‘usi va atrof-muhitga munosabat ko‘nikmalari shakllantiriladi;
• Umumiy o‘rta ta’limda 7-18 yoshdagi o‘quvchilar buyuk ajdodlarimizning merosini o‘rganadi, mustaqil qaror qabul qilish, burch va mas’uliyat kabi fazilatlarni rivojlantiradi;
• O‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’limda 16-22 yoshdagi talabalarda milliy qadriyatlarga hurmat, vatan himoyasiga tayyorlik va faol fuqarolik pozitsiyasi shakllantiriladi.
Shuningdek, dastur doirasida “Jasorat uchqunlari” harbiy-vatanparvarlik va sport musobaqalari o‘tkaziladi, hamda “Vatan tayanchi” harakati a’zolarining forumi tashkil etiladi.
Ushbu dastur yoshlarimizni milliy qadriyatlarga sadoqatli, vatanini sevuvchi va jamiyatimiz uchun foydali shaxslar qilib tarbiyalashga xizmat qiladi.
“Har birimizning sa’y-harakatimiz – kelajak avlod tarbiyasiga qo‘shilayotgan hissamizdir.”
To’rtko’l tumani adliya bo’limi
YXKM bosh yuriskonsulti D.Allabergenov