Янгиликлар
23
O‘QITUVCHINING LAVOZIM MAJBURIYATLARI YANGI TAHRIRDA
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri tomonidan 2026-yil 19-yanvarda qabul qilingan 18-sonli buyruq bilan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning lavozim majburiyatlari yangi tahrirda tasdiqlandi.
Mazkur hujjat o‘qituvchining ta’lim-tarbiya jarayonidagi mas’uliyati, kasbiy faoliyati va xizmat vazifalarini aniq belgilab beradi.
Ta’lim jarayoniga oid majburiyatlar
O‘qituvchi:
o‘ziga belgilangan ish yuklamasini, jumladan o‘quv-tarbiya jarayoniga oid ishlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarishi;
dars mashg‘ulotlarini tasdiqlangan dars jadvali hamda taqvim-mavzu reja asosida olib borishi;
davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlariga muvofiq taqvim-mavzu rejalarni ishlab chiqishi shart.
Ta’lim sifatini oshirish maqsadida o‘qituvchi:
zarur hollarda tarqatma va ko‘rgazmali materiallarni mustaqil tayyorlashi;
o‘quvchilarda bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishi hamda ularni amaliyotda qo‘llashga o‘rgatishi;
joriy, oraliq va yakuniy nazorat ishlarini o‘tkazishi, yozma ishlar va daftarlarni tekshirishi lozim.
O‘qituvchi o‘tilgan mavzular, baholash va davomatni dars o‘tilgan kunning o‘zida elektron jurnalga kiritishi shart. Elektron jurnal joriy etilgan maktablarda an’anaviy jurnal yuritishga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘quvchi fanlarni o‘zlashtirishda qiynalayotgan va iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash;
to‘garak mashg‘ulotlarini tashkil etish;
fan olimpiadalari, tanlovlar va musobaqalarga tayyorlash o‘qituvchining muhim vazifalaridan hisoblanadi.
Kasbiy rivojlanish va hamkorlik
O‘qituvchi:
metodik kunlarda o‘z ustida ishlashi;
ilg‘or pedagogik texnologiyalarni o‘rganishi;
pedagogik kengashlar, metod birlashmalar, seminar va ochiq darslarda faol ishtirok etishi belgilangan.
Huquqiy va axloqiy majburiyatlar
O‘qituvchi:
o‘quvchilar huquqlarini hurmat qilishi;
bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ymasligi;
zo‘ravonlik holatlari aniqlanganda tegishli tashkilotlarni xabardor qilishi;
ta’lim muassasasi sha’ni va obro‘siga putur yetkazuvchi axborotlarni tarqatmasligi shart.
Xavfsizlik va mulkni asrash
mehnatni muhofaza qilish, yong‘in va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etish;
biriktirilgan xonalar va moddiy boyliklarning saqlanishini ta’minlash o‘qituvchining xizmat vazifalariga kiradi.
Mazkur buyruq o‘qituvchining kasbiy faoliyatini tartibga solish, ta’lim sifati va o‘quvchi manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, barcha pedagog xodimlar uchun majburiy hisoblanadi.
To’rtko’l tumani adliya bo’limi
YXKM bosh yuriskonsulti D.Allabergenov