Янгиликлар
16
O‘rindoshlik asosida ishlash tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 709-son qarori bilan Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 18-oktabrdagi 297-son qarori orqali tasdiqlangan “O‘rindoshlik asosida hamda bir necha kasbda va lavozimda ishlash tartibi to‘g‘risidagi nizom”ga bir qator muhim o‘zgartirishlar kiritildi.
Yangi tartiblar mehnat munosabatlarida shaffoflikni kuchaytirish, ortiqcha hujjatbozlikni kamaytirish va xodimlarning xavfsiz mehnat sharoitlarini ta’minlashga qaratilgan.
6-bandning yangi tahriri
Qarorga muvofiq, o‘rindoshlik asosida boshqa tashkilotga ishga kirayotgan shaxslar endilikda quyidagi hujjatlarni taqdim etishi shart:
-pasport (ID-karta) yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat;
-mehnat sharoitlari zararli yoki xavfli bo‘lgan ishga qabul qilinayotganida — asosiy ish joyidan mehnat sharoiti haqida ma’lumotnoma.
-Davlat organlari va tashkilotlari esa ishga qabul qilish jarayonida zarur ma’lumotlarni — xodimning mehnat staji, amaldagi ish joyi va boshqa tegishli ma’lumotlarni — “Elektron hukumat” tizimi orqali elektron shaklda oladi. Bu tajriba hujjat aylanishini soddalashtiradi va inson omilini kamaytiradi.
-Shuningdek, maxsus bilim yoki tayyorgarlik talab etiladigan lavozimlarga o‘rindoshlik asosida ishga qabul qilishda ish beruvchi malaka sertifikati, diplom yoki kasbiy tayyorgarlik to‘g‘risidagi boshqa hujjatlarni talab qilish huquqiga ega bo‘ldi.
26-band o‘z kuchini yo‘qotdi
-Qaror bilan Nizomning ilgari quyidagi toifadagi xodimlarga o‘rindoshlik asosida ishlashni cheklovchi 26-bandi o‘z kuchini yo‘qotdi:
-davlat boshqaruvi organlari xodimlari (texnik va xizmat ko‘rsatuvchilardan tashqari);
-davlat boshqaruvi organlari bo‘lmagan budjet tashkilotlari rahbarlari, ularning o‘rinbosarlari, tarkibiy bo‘linma rahbarlari va o‘rinbosarlari (qonunda ko‘zda tutilgan istisnolar bundan mustasno).
Mazkur bandning bekor qilinishi ayrim sohalarda kadrlar salohiyatidan kengroq foydalanish, tajribali mutaxassislarning boshqa yo‘nalishlarda ham faoliyat yuritishiga imkon yaratadi.
Beruniy tumani adliya bo`limi
YXKM bosh yuriskonsulti N.Omirbekov