Янгиликлар
16
FHDY bo`limlarida Dalolatnoma yozuvlarini to‘ldirish tartibi qanday?
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-oktabrdagi 550-son qaroriga asosan Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalarining 12-bobida quyidagicha ko`rsatilib o`tilgan:
Dalolatnoma yozuvlari bir nusxada tuziladi.
Dalolatnoma yozuvlarining har bir turi har yilning 1-yanvaridan 31-dekabrigacha tartib bilan ketma-ket raqamlanadi.
Dalolatnoma yozuvlari davlat tilida lotin grafikasida kompyuter yordamida to‘ldiriladi.
Dalolatnoma yozuvlarining barcha ustunlari to‘liq, xatosiz va qisqartirishlarsiz (umumiy qabul qilinganlaridan tashqari) to‘ldirilishi kerak.
Dalolatnoma yozuvlari fuqarolik pasporti (identifikatsiyalovchi ID-kartasi) asosida, u bo‘lmagan taqdirda — shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjatlar asosida to‘ldiriladi.
Chet el fuqarosiga nisbatan dalolatnoma yozuvlari qayd etilayotganda millatidan tashqari qaysi davlat fuqarosi ekanligi ham ko‘rsatiladi. Millati haqida ma’lumot bo‘lmagan taqdirda fuqaroligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar yoziladi.
Fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun “Fuqaroligi” ustuniga “fuqaroligi yo‘q” so‘zlari yoziladi.
Agar FHDY organiga dalolatnoma yozuvini qayd etish uchun murojaat qilgan shaxs davlat tilini bilmasa u tarjimon xizmatlaridan foydalanishi mumkin. Bu haqda “Belgilar uchun” ustuniga tegishli yozuv kiritiladi.
Kar, soqov yoki karsoqov shaxs savodsiz bo‘lgan taqdirda, dalolatnoma yozuvini qayd etishda dalolatnoma yozuvi mazmuni kar, soqov yoki karsoqovning xohishiga muvofiq kelishini imzo bilan tasdiqlab unga tushuntirishi mumkin bo‘lgan shaxs ishtirok etishi mumkin. Bu haqda “Belgilar uchun” ustuniga tegishli yozuv kiritiladi.
Dalolatnoma yozuvini ko‘zi ko‘r shaxs uchun tuzishda dalolatnoma yozuvi matni unga dalolatnoma yozuvini tuzgan FHDY organi xodimi tomonidan o‘qib beriladi. Bu haqda “Belgilar uchun” ustuniga tegishli yozuv kiritiladi.
O‘lik tug‘ilgan bola to‘g‘risidagi dalolatnoma yozuvini rasmiylashtirishda tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga ma’lumotlar perinatal o‘lim haqidagi tibbiy guvohnoma asosida kiritiladi.
Tirik tug‘ilib, ammo hayotining birinchi haftasida o‘lgan bolaga nisbatan o‘lim haqidagi dalolatnoma yozuviga ma’lumotlar perinatal o‘lim haqidagi tibbiy guvohnoma asosida kiritiladi.
Dalolatnoma yozuvlari to‘ldirilgandan keyin ariza beruvchi tomonidan o‘qib chiqiladi va imzolanadi.
Dalolatnoma yozuvi asosida tegishli gerbli guvohnomalar davlat tilida lotin grafikasida to‘ldiriladi va ariza beruvchiga topshiriladi.
Gerbli guvohnoma berish uchun (o‘lim haqidagi gerbli guvohnomalar bundan mustasno) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan gerb yig‘imi undiriladi.
Qo`ng`irot tumani adliya bo`limi
FHDY bo`limi 1-darajali inspektori A.Allashukirova