Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

12

MUROJAATLAR BILAN ISHLASH SIFATI ENDI BAHOLANADI


MUROJAATLAR BILAN ISHLASH SIFATI ENDI BAHOLANADI

2026-yil 30-yanvar kuni Vazirlar Mahkamasining 40-son qarori qabul qilinib, Hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Mazkur qaror bilan Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-maydagi 341-son qaroriga muhim qo‘shimchalar kiritildi. Xususan, ushbu qarorga muvofiq “Davlat organlari, davlat muassasalari va davlat ishtirokidagi tashkilotlar hamda ularning mansabdor shaxslarining jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash faoliyatini baholash va toifalash to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlandi. Mazkur Nizom davlat organlari faoliyatida murojaatlar bilan ishlash sifatini institutsional darajada baholash mexanizmlarini belgilab berishi bilan ahamiyatlidir.
Nizomning asosiy maqsadi davlat organlari, davlat muassasalari va davlat ishtirokidagi tashkilotlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash sifatini oshirish, ushbu jarayonda ochiqlik va hisobdorlikni ta’minlash, shuningdek, fuqarolarning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashdan iborat.
Nizomga ko‘ra, murojaatlar bilan ishlash faoliyati davlat organlari va mansabdor shaxslar kesimida aniq belgilangan mezonlar asosida baholanadi.
Murojaatlar bilan ishlash faoliyatini baholashda quyidagi asosiy ko‘rsatkichlar inobatga olinadi:
•    murojaatlarni ko‘rib chiqishda belgilangan muddatlarga rioya etilishi;
•    murojaatlar yuzasidan qabul qilingan qarorlarning qonuniyligi va asoslanganligi;
•    takroriy murojaatlar soni va ularning kelib chiqish sabablari;
•    murojaat etuvchilarning ko‘rsatilgan xizmatdan qoniqish darajasi;
•    murojaatlar bilan ishlash jarayonida raqamli texnologiyalardan foydalanish samaradorligi.
Ushbu mezonlar davlat organlari faoliyatini xolis baholash hamda mavjud muammolarni aniqlashga xizmat qiladi.
Nizomga muvofiq, baholash natijalari asosida davlat organlari va tashkilotlar belgilangan toifalarga ajratiladi. Bu toifalash tizimi orqali murojaatlar bilan ishlash holati doimiy ravishda tahlil qilinadi hamda kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar belgilanadi.
Shuningdek, past ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan tashkilotlarga nisbatan tegishli tashkiliy choralar ko‘rilishi, yuqori natija qayd etgan tashkilotlar faoliyati esa ilg‘or tajriba sifatida ommalashtirilishi nazarda tutilgan.
Mazkur Nizomning joriy etilishi davlat organlari va tashkilotlarining fuqarolar bilan muloqot madaniyatini yuksaltirish, murojaatlar bilan ishlashda mansabdor shaxslarning mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, fuqarolar murojaatlarining o‘z vaqtida, qonuniy va sifatli ko‘rib chiqilishi ta’minlanib, “xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqga xizmat qiladi” degan tamoyil amaliyotda yanada mustahkamlanadi.


To‘rtko‘l tumani adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi
bosh yuriskonsulti N.Z.Radjapova