Янгиликлар
18
Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish
Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish
Joriy yilning 10-dekabr kuni “Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF–246-sonli Farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, quyidagilar 2030-yilgacha yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib belgilandi, jumladan:
yalpi ichki mahsulotga nisbatan kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushini 1,3 baravarga qisqartirish;
savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida aholi tomonidan to‘lovlarni naqd pulsiz amalga oshirish ulushini 75 foizga yetkazish.
2026-yil 1-apreldan quyidagilar uchun to‘lovlar faqatgina bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi:
davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar;
elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvidan foydalanganlik uchun to‘lovlar;
alkogol va tamaki mahsulotlari;
transportlarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari orqali aholiga neft-gaz mahsulotlarini sotish va elektrda harakatlanadigan transportlarni zaryadlash bo‘yicha xizmatlar;
qiymati 25 mln so‘mdan oshadigan tovar va xizmatlar;
ko‘chmas mulk obyektlari, ishlab chiqarilganiga 10-yildan oshmagan M, N, O va G toifaga kiruvchi transportlar hamda maxsus avtotransport vositalarini sotish va sotib olish.
Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvargacha barcha savdo va xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar tomonidan elektron to‘lovlarni qabul qilish uchun yagona QR kod joriy qilinadi.
2026-yil 1-yanvardan barcha savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi yuridik shaxslar tomonidan banklarda generatsiya qilingan yagona QR kod orqali elektron to‘lovlarni qabul qilish yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda 2026-yil 1-iyuldan:
barcha savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi yuridik shaxslarda yagona QR kodli to‘lov tizimi orqali to‘lovlarni qabul qilish ham majburiy etib belgilanadi;
yagona QR kodlardan foydalanilmayotganligi savdo qoidalarini buzish deb hisoblanadi.
2026-yil 1-yanvardan 1 ta tashqi savdo shartnomasi doirasida aynan bir xil turdagi tovarlarga muvofiqlik va ekologik sertifikat 1-yildan oshmagan muddatga 1 marotaba beriladi.
2026-yil 1-martdan soliq organlari xodimlari hamda Navoiy va Chirchiq shaharlarida hisobga qo‘yilgan jismoniy shaxslar tomonidan jami yillik daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etish tajriba-sinov tariqasida joriy etiladi.
J.Ismoilov,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Adliya vazirligi Davlat xizmatlari
ko‘rsatilish ustidan nazorat qilish sho‘basi
Yetakchi maslahatchisi