Янгиликлар
09
Sud tizimida yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning 24.11.2025 yildagi "Sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining samaradorligi va ochiqligini oshirish hamda sud mustaqilligi kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi PF-227 sonli Farmoni qabul qilindi.
Mazkur farmon bilan quyidagi maqsadlar belgilandi:
- sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatida sudyalarning oʻzini oʻzi boshqarish tamoyilini va sud mustaqilligiga oid ilgʻor хalqaro standartlar keng joriy etilishini ta’minlash;
- sudyalar korpusini shakllantirish tartibini takomillashtirish, ushbu jarayonda sudyalar hamjamiyati organlari rolini oshirish va ularning mas’uliyat doirasini aniq belgilash;
- sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatida ochiqlikni ta’minlash, sudyalikka nomzodlarni tanlashning shaffof tartibini joriy etish;
- sud tizimida gender tenglikni ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirish orqali ayol sudyalar ulushini kamida 30 foizga yetkazish.
Sud mustaqilligining ilgʻor standartlarini joriy etish quyidagilarni nazarda tutadi:
- sudyalik lavozimiga dastlab besh yillik muddatga, keyinchalik muddatsiz davrga tayinlash (saylash);
- tumanlararo, tuman va shahar sudlari raislari va rais oʻrinbosarlari lavozimlariga nomzodlarni sudyalar orasidan aniq mezonlar asosida ochiq tanlov asosida tanlash;
- sudyalarning kasbiy faoliyatini baholashda "halollik", "kasbiy layoqatlilik" va "sudyalik odobi qoidalariga rioya etish" kabi talablarning aniq mezonlarini qonun darajasida belgilash.
Shu bilan birga, tegishli sud sudyalarining malaka hay’atlari Sudyalar oliy kengashining doimiy asosda faoliyat yuritadigan sudyaligiga nomzodlarni tavsiya etadi.
Bunda Kengashning doimiy asosda faoliyat yuritadigan sudyalari lavozimlariga, qoida tariqasida, sudya sifatida kamida 7 yil faoliyat yuritgan sudyalarning nomzodlari koʻrsatilishi mumkin.
Shuningdek, huquq sohasidagi ilmiy va oliy ta’lim tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan Kengash a’zoligiga nomzodlarni tavsiya etishlari mumkin boʻladi.
Bunda, Kengashning doimiy asosda faoliyat yuritadigan sudyalari tarkibini quyidagi sudlar sudyalari orasidan shakllantirish rejalashtirilmoqda:
- Oliy suddan – ikki nafar sudya;
- viloyat darajasidagi sudlardan – yetti nafar sudya;
- tumanlararo, tuman, shahar sudlaridan – toʻrt nafar sudya.
Kengashning rasmiy veb-saytida sudlar tizimidagi boʻsh sudyalik lavozimlari va ularni egallash uchun tanlovda ishtirok etish tartibi toʻgʻrisidagi ma’lumotlar e’lon qilib boriladi.
Shuningdek farmon bilan, sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining samaradorligi va ochiqligini yanada oshirish boʻyicha "Yoʻl хaritasi" tasdiqlandi.
Taxiatosh tumani adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish
markazi boshlig’i O.Babanov