Янгиликлар
19
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI KONSTITUTSIYASIDA ADVOKATURA INSTITUTINING O‘RNI
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI KONSTITUTSIYASIDA ADVOKATURA INSTITUTINING O‘RNI
O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi qabul qilinishi bilan inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarni himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Ushbu islohotlarning markazida turgan institutlardan biri – bu advokatura hisoblanadi. Advokatura fuqarolarga malakali yuridik yordam ko‘rsatish borasidagi konstitutsiyaviy kafolatlarni amalga oshiruvchi mustaqil institut sifatida davlatning huquqiy sohadagi poydevorini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi advokatura institutining maqomini yanada mustahkamladi va uning faoliyatining asosiy prinsiplarini belgilab berdi, ya’ni advokaturaning faoliyatini tashkil etish va amalga oshirishning mustaqilligi va o‘zini o‘zi boshqarish prinsiplariga asoslanishini kafolatlaydi. Bu, advokatlarning o‘z vazifalarini bajarishlarida davlat organlarining aralashuvidan himoyalanganligini anglatadi.
Advokatlar o‘z faoliyatini amalga oshirishda qonuniylikka rioya etishi hamda inson huquqlari va erkinliklarining ustuvorligini ta’minlashi shart.
Shuningdek, advokatlar professional etikaga rioya qilishi, qonun doirasida va o‘z kasbiy burchiga muvofiq harakat qilishi talab etiladi.
Advokaturaning konstitutsiyaviy tizimdagi eng muhim vazifasi – bu har bir shaxsning malakali yuridik yordam olish huquqini ta’minlashdir.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga ko‘ra, har bir shaxsga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanadi, bu esa o‘z navbatida, har qanday bosqichda, jumladan, surishtiruv, tergov yoki sud jarayonlarida himoyachi (advokat) yordamidan foydalanish huquqini ham o‘z ichiga oladi.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, shuningdek, davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish tizimi yaratilishini belgilaydi. Bu ijtimoiy himoya va tenglik prinsipini ta’minlab, moddiy ahvolidan qat’i nazar, har bir fuqaroning adolatli sudlovga va himoyaga bo‘lgan huquqini amalga oshiradi.
Advokat faoliyatiga aralashish, uning himoya ostidagi shaxs bilan uchrashuvini cheklash yoki uning kasbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilish taqiqlanadi. Bu norma, advokatlik sirining daxlsizligi bilan birgalikda, samarali himoyani ta’minlashning asosiy kafolatidir.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi advokaturani nafaqat fuqarolik jamiyati instituti, balki huquqni muhofaza qilish va adolatni ta’minlash tizimining muhim elementi sifatida belgilaydi.
Advokatlarga tergov va sud jarayonlarida keng vakolatlar berilishi, ularning dalil to‘plash va taqdim etishdagi imkoniyatlarini oshiradi, bu esa jinoyat ishining har tomonlama, to‘liq va xolisona o‘rganilishiga xizmat qiladi.
Advokatlar, o‘z navbatida, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiruvchi institut vazifasini ham bajaradilar.
Shunday qilib, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida belgilangan advokatura institutining o‘rni va maqomi uning mustaqilligini, huquqiy tenglikni va inson huquqlarining himoyasini ta’minlashdagi hal qiluvchi ahamiyatini aks ettiradi. Advokaturani rivojlantirish va uning faoliyati uchun qo‘shimcha kafolatlar yaratish – bu O‘zbekistonda kuchli fuqarolik jamiyati va haqiqiy adolatli huquqiy davlat qurish yo‘lidagi muhim qadamdir. Adliya organlari, advokatura va ta’lim muassasalarining yaqin hamkorligi ushbu konstitutsiyaviy maqsadlarga erishishning kaliti bo‘lib xizmat qiladi.
Notariat, advokatura va mediatsiya sho‘basi
bosh maslahatchisi Shaxsanem Salieva