Bog'lanish

Telefon
(+998 55) 101-10-08

Elektron manzil
qoraqalpoq@adliya.uz

Habar yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

08

Sinf rahbarlari lavozimiga qo‘yiladigan yangi talablar belgilandi


Sinf rahbarlari lavozimiga qo‘yiladigan yangi talablar belgilandi

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining 2025-yil 25-avgustdagi 308-son buyrug‘iga muvofiq, vazirning 2023-yil 27-iyundagi 190-sonli buyrug‘iga (“Umumiy oʻrta taʻlim muassasasi direktorining maʻnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari va sinf rahbarlarining lavozim yoʻriqnomasini tasdiqlash toʻgʻrisida”) o‘zgartirishlar kiritildi.
Mazkur o‘zgartirishlarga ko‘ra, sinf rahbarlari lavozimiga nomzodlar uchun ilgari belgilangan “kamida 3 yillik pedagogik ish stajiga ega bo‘lish” talabi bekor qilindi.
Shu munosabat bilan ayrim noto‘g‘ri talqinlarga oydinlik kiritish lozim: 190-sonli buyruqning 2-ilovasi 3-bandining birinchi xatboshisi “Sinf rahbari quyidagi mezonlarga asosan tanlab olinadi:” jumlasi bilan boshlanadi. “Kamida 3 yillik pedagogik ish stajiga ega bo‘lish” talabi esa ushbu bandning ikkinchi xatboshisi sifatida keltirilgan bo‘lib, endilikda u o‘z kuchini yo‘qotdi.
Yangi tartibga muvofiq sinf rahbarlari quyidagi mezonlarga asosan tanlab olinadi:
* oliy pedagogik maʼlumotga ega bo‘lishi;
* umumta’lim muassasasida asosiy ishchi sifatida faoliyat olib borishi (soatbay yoki o‘rindoshlik asosida ishlovchilarga sinf rahbarligi yuklatilmaydi);
* boshqaruvchanlik qobiliyatiga ega bo‘lishi;
* o‘quvchilar bilan ishlash jarayonida masʼuliyat bilan yondasha olishi;
* boshlang‘ich sinflarda sinf rahbarligi bevosita shu sinflarga biriktirilgan o‘qituvchilarga yuklatilishi.
Xulosa
Yangi tartib asosida sinf rahbarlari lavozimiga tayinlashda endilikda pedagogik ish staji talab etilmaydi. Asosiy e’tibor nomzodlarning oliy pedagogik maʼlumoti, ish joyi, boshqaruvchanlik qobiliyati va masʼuliyatli yondashuviga qaratiladi.


To‘rtko‘l tumani Adliya bo‘limi Yuridik
xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti         D.Allabergenov