Янгиликлар
07
Yoshlar bilan ishlashda yangi bosqich: mahalla va maktab hamkorligi samaradorligi oshiriladi
Yoshlar bilan ishlashda yangi bosqich: mahalla va maktab hamkorligi samaradorligi oshiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF–163-sonli “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimi samaradorligini oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Ushbu hujjatda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ta’lim va tarbiyasida mahalla hamda maktab hamkorligini kuchaytirishga qaratilgan qator vazifalar belgilandi.
Farmonga muvofiq, “Mahalla yettiligi” va ta’lim muassasalari o‘rtasida yoshlar, ayniqsa, umumta’lim maktablarining bitiruvchi sinf o‘quvchilarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlik tizimi joriy etiladi.
Endilikda maktablarning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari har oy sinf rahbari va maktab psixologi bilan birgalikda:
• xulq-atvorida murakkabliklar kuzatilayotgan o‘quvchilarni;
• xorijiy tillarga qiziqish bildirgan yoshlarni;
• kasb-hunar hamda mehnat faoliyatiga qiziqqan o‘quvchilarni aniqlab boradi.
Aniqlangan o‘quvchilarning ro‘yxati shakllantirilib, yoshlar yetakchisi va mahalla raisiga taqdim etiladi.
Yoshlar yetakchilari mahalla hududidagi murabbiylar, kasb egalari va tadbirkorlar bilan hamkorlikda o‘quvchilar uchun ustoz-shogird tizimini yo‘lga qo‘yadi. Bu tizim yoshlarga nafaqat nazariy bilim, balki hayotiy ko‘nikma va amaliy tajriba berishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Farmonda belgilangan vazifalar yoshlarni turli salbiy ta’sirlardan himoya qilish, ularning ma’naviy-axloqiy saviyasini yuksaltirish, zamonaviy kasblarni egallash va tadbirkorlikka qiziqishini kuchaytirishga xizmat qiladi. Shu orqali yoshlar kelajakda jamiyat uchun foydali, bilimli va ma’naviy barkamol shaxslar sifatida kamol topadilar.
PF–163-sonli Farmon mahalla va ta’lim muassasalari hamkorligining mutlaqo yangi bosqichini boshlab berdi. Yangi tizim orqali yoshlarni qo‘llab-quvvatlashning aniq mexanizmi yaratilmoqda. Bu esa yoshlar salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqarishga, ularning hayotda to‘g‘ri yo‘nalish tanlashiga keng imkoniyatlar yaratadi.
To‘rtko‘l tuman Adliya bo‘limi
Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi
bosh yuriskonsulti Shaxnoza Ataniyazova