Янгиликлар
27
Oilaviy mehmon uylari hostellar faoliyatini tashkil etish tartibi belgilandi
Oilaviy mehmon uylari hostellar faoliyatini tashkil etish tartibi belgilandi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oilaviy mehmon uylari, xostellar, o‘tovli va chodirli oromgohlar faoliyatini tashkil etish, ushbu sohada davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 2023-yil 27-noyabrdagi 622-son qarori bilan oilaviy mehmon uylari, hostellar, o‘tovli va chodirli oromgohlar faoliyatini tashkil etish tartibi belgilandi.
Ushbu qarorga muvofiq, bunday turdagi joylashtirish vositalari O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan yuritiladigan yagona reyestrga kiritilishi lozim. Reyestrga kiritish Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali amalga oshiriladi. Mehmon uylari faoliyatini tashkil etishda quyidagi sharoitlar ta'minlanishi kerak:
Mehmon uyiga kirishda o‘zbek, rus va ingliz tillarida yozilgan quyidagi ma'lumotlar taxtasining mavjud bo‘lishi:
Yagona reyestrdan ko‘chirma nusxasi;
Shoshilinch xizmatlarning va Turizm qo‘mitasi Call-markazining telefon raqamlari;
Ko‘rsatiladigan xizmatlar preyskuranti;
Ro‘y berishi mumkin bo‘lgan tabiiy hodisalar va joylardagi xavf-xatarlar to‘g‘risida ma'lumot. Shuningdek, internetga ulanish imkoni mavjud bo‘lmagan hollarda, mehmon uyi egasi tashrif buyuruvchilarning ro‘yxatga olinishini eng yaqin joylashtirish vositalari yoki turizm-axborot markazlari orqali tegishli hududiy ichki ishlar organlariga murojaat etish orqali ta'minlashi lozim.
Reyestrga kiritish bo‘yicha davlat xizmati bepul ko‘rsatiladi. Ariza beruvchi Davlat xizmatlari markaziga shaxsan murojaat qilishi yoki Yagona portal orqali ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. Hujjatlar qabul qilingan kundan boshlab, Turizm qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari ularni 3 ish kuni ichida ko‘rib chiqadi va natijalar bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtiradi. Ushbu tartiblar oilaviy mehmon uylari va xostellar faoliyatini rasmiylashtirish hamda sifatli xizmat ko‘rsatishni ta'minlashga qaratilgan.
Said Sultanov
Amudaryo tumani adliya bo‘limi
Davlat xizmatlari markazi direktori