Янгиликлар
13
BOGʻDORCHILIK VA UZUMCHILIKNI RIVOJLANTIRISH UCHUN YANGI IMTIYOZLAR
BOGʻDORCHILIK VA UZUMCHILIKNI RIVOJLANTIRISH UCHUN YANGI IMTIYOZLAR
Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, xususan, bogʻdorchilik va uzumchilik sohasini qoʻllab-quvvatlash maqsadida muhim qaror qabul qilindi. Hukumatning 2025-yil 28-iyuldagi 468-sonli qarori bilan “In vitro” sharoitida yetishtirilgan mevali daraxtlar va uzum koʻchat-payvandtaglarni xarid qilish xarajatlarining bir qismini qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Ushbu Nizomga koʻra, tadbirkorlarga “in vitro” sharoitida yetishtirilgan va muvofiqlik sertifikatiga ega boʻlgan koʻchat-payvandtaglarni xarid qilish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar ajratiladi. Bu imtiyozlar sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va yuqori hosildorlikka erishishga qaratilgan.
Yangi intensiv bogʻ barpo etishda, shuningdek, dala chetlariga, kanal, ariq va kollektor-drenaj tarmoqlari boʻylariga ekilganda, “in vitro” sharoitida yetishtirilgan mevali daraxt koʻchat-payvandtaglarini xarid qilish xarajatlarining 50 foizigacha, lekin har bir koʻchat uchun 25 ming soʻmdan oshmagan miqdorda.
Muvofiqlik sertifikatiga ega boʻlgan yangi, urugʻsiz uzum navlari koʻchat-payvandtaglari uchun har biriga 7,5 ming soʻmgacha.
Mahalliy uzum koʻchat-payvandtaglari uchun har biriga 2 ming soʻmgacha.
Subsidiyalar olish uchun tadbirkorlar “Agrosubsidiya” axborot tizimi orqali ariza bilan murojaat qiladilar. Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinishi shart:
“In vitro” laboratoriyasida yetishtirilgan sogʻlom, virusdan xoli boʻlgan koʻchat-payvandtaglarning muvofiqlik sertifikati nusxasi.
Tadbirkor va koʻchat yetishtiruvchi xoʻjalik oʻrtasida tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi nusxasi.
Koʻchatlar xarid qilinganligi toʻgʻrisidagi hisob-faktura, koʻchat yetishtiruvchi xoʻjalikning tavsiyanomasi va muvofiqlik sertifikati boʻyicha 3 yil muddatga kafolat xati.
Ishchi guruhi hujjatlarni 3 ish kuni ichida joyiga chiqib oʻrganadi va subsidiya ajratish yoki rad etish toʻgʻrisida xulosa chiqaradi.
Bu yangi imtiyozlar bogʻdorchilik va uzumchilik bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlar uchun mustahkam asos boʻlib xizmat qiladi. Ular sohada zamonaviy texnologiyalarni keng qoʻllash, hosildorlikni oshirish va eksport salohiyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Notariat, advokatura va mediatsiya
sho‘basi yetakchi maslahatchi N.Jumaniyazova